Misr futboldan keyingi tartibsizliklarda halok bo‘lganlarga motam tutmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Chorshanba kuni Port Said shahridagi futbol o‘yini chog‘ida raqib jamoalar ishqibozlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 74 kishi halok bo‘lishi ortidan Misr rasmiylari uch kunlik motam e‘lon qilishgan.

Al-Masri va al-Ahli jamoalari o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng ishqibozlar stadionga bostirib kirgan.

Yuzlab odamlar jarohatlangan.

Hodisa yuzasidan hukumat va parlamentning favqulodda yig‘inlari chaqirilgan.

Politsiya zo‘ravonliklarni bostira olmagani uchun tanqid qilinmoqda, payshanba kuni politsiyaning amallariga qarshi norozilik chiqishlari rejalangan.

Port Said shahrida peshin namozidan so‘ng marhumlarning janozalari bo‘lib o‘tadi.

Misr prem‘er-ligasi o‘yinlari noma‘lum muddatga qoldirilgan.

"Qora kun"

Al-Ahli jamoasi ishqibozlaridan birining BBCga aytishicha, ular klubning Qohiradagi qarorgohidan Ichki ishlar vazirligi binosiga qarab yurishni rejalashgan.

"Odamlar birinchi navbatda tuzumdan g‘azabdalar. Bu g‘azabni ularning ko‘zlarida ko‘rishingiz mumkin", deb aytdi Muhammad Abdel Hamid.

Qohiraning asosiy temiryo‘l bekatida Port Saiddan keltirilayotgan jasadlar va yaradorlarni qabul qilib olish uchun yuzlab odamlar to‘planishgan.

Ulardan ba‘zilari harbiy rahbariyatga qarshi shiorlarni aytishgan.

Port Saidning o‘zida armiya bo‘linmalari joylashtirilgan va politsiya o‘likxona va shifoxonalarni qo‘riqlamoqda.

Ammo ko‘pgina ko‘chalarda politsiya yo‘qligi aytiladi.

Armiya shaharga kirishda nazorat-o‘tish nuqtalarini o‘rnatgan.

Misrning iqtidordagi Harbiy Kengashi rahbari feldmarshal Husayn Tantoviy Port Saiddan harbiy uchoqda keltirilgan al-Ahli jamoasi ishqibozlari bilan uchrashish uchun Qohira yaqinidagi harbiy havo bazasiga borgan.

"Bu hodisa Misrni tiz cho‘ktira olmaydi. Bunday hodisalar dunyoning hamma burchagida sodir bo‘ladi. Buning ortida turganlar albatta javob beradi", degan Misrning harbiy rahbari.

FIFA Prezidenti Yozef Blatter to‘qnashuvlardan dahshatga tushganini aytgan.

"Bu futbol tarixidagi qora kun. Bu kabi halokatli vaziyatni tasavvur qilib bo‘lmasdir va unga o‘rin bo‘lmasligi kerak. Men Port Saidda shuncha ko‘p ishqibozlarning halok bo‘lganidan qayg‘udaman", deyiladi Xalqaro Futbol Federatsiyasi Prezidentining bayonotida.

Qurbonlar orasida xavfsizlik kuchlarining zobitlari ham borligi aytiladi.

Qiziqqon ishqibozlar

BBCning Qohiradagi muxbiri Jon Leynga ko‘ra, misrlik futbol ishqibozlarining tajovuzkorligi yangilik emas va bu ikki jamoa o‘rtasida azaliy adovat mavjud.

Oxirgi paytlarda har ikki jamoa ishqibozlari va politsiya o‘rtasida qator to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida ishqibozlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar xavfsizlik kuchlari manfaatiga xizmat qilishi mumkinligi haqida farazlar ilgari surilgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, politsiyaning amallari zo‘ravonliklarni to‘xtatishga yordam bergan.

"Ehtimol, ularning soni kamlik qilgandir", deydi Jon Leyn Qohiradan.