AQSh O‘zbekistonga harbiy yordamini qayta tikladi

Image caption Andrey Grozin AQShning harbiy yordami Markaziy Osiyoda mojaroga sabab bo‘lishi mumkin deb o‘ylaydi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Andijon voqealari ortidan O‘zbekistonga uzib qo‘ygan harbiy yordamini qayta bera boshlaydi. Bu boradagi qarorga Davlat Kotibi Hillari Klinton imzo chekkan. Bu harbiy yordam odamni o‘ldirmaydigan harbiy jihozlar bo‘lishi aytiladi.

Amerika Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib chiqishga shaylanar ekan, O‘zbekiston orqali o‘tadigan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i ahamiyati yana oshgan.

BBC MDH Davlatlari Institutining Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Andrey Grozin bilan bog‘lanib, undan avvalo qanday harbiy yordam haqida gap ketayotgani borasida so‘radi.

Grozin: Gap bu yerda odam o‘ldirmaydigan harbiy jihozlar haqida ketayapti. Bu, masalan, mudofaa uchun qo‘llaniluvchi elektron jihozlar turlari, harbiy ustboshlar, harbiy anjomlar bo‘lishi mumkin. Ya‘ni, bevosita jangovor amallarda qo‘llanilmaydigan, lekin harbiylarning jangga tayyorgarligini oshiruvchi jihozlar. Bu bugungi kunda O‘zbekiston mahsus kuchlari uchun juda muhim yordam bo‘ladi, chunki o‘tgan tajriba, masalan 2005 yil bahorida Andijonda bo‘lgan voqeani hisobga oladigan bo‘lsangiz, u yerda fuqaroviy notinchlikliklar yuz berganda olomonga odamni o‘ldirmaydigan yo‘llar bilan ta‘sir qilish jihozlari bo‘lmagani aytilgan va shuning uchun balki jonli o‘qlar ishlatilib shuncha insoniy talafotga sabab bo‘lgandir degan qarashlar kelib chiqqan... Jismoniy mudofaaning odam o‘ldirmaydigan turlari juda keng ko‘lamli bo‘lishi mumkin, masalan yorug‘lik va shovqin chiqaruvchi granatalar, ommaviy notinchliklarni tarqatish uchun qo‘llaniluvchi akustik zambarakalar ularning qatoriga kirishi mumkin. Armiya va maxsus kuchlar uchun zarur bo‘lgan naqliyot turlari ham bu kategoriyaga kiradi, ya‘ni agar harbiylar o‘zini jangovor yo‘lda himoya qilishga qodir bo‘lmasalar, transport ham himoya jihozi hisoblanishi mumkin. Umuman, noletal, odamni o‘ldirmaydigan harbiy jihozlar ko‘lami juda keng.

BBC: AQSh davlat kotibining janubiy va markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk bu kabi yordamni O‘zbekistonga berishdan Amerikaning o‘zi manfaatdor deb aytgan. Qanday manfaat oladi AQSh bundan?

Grozin: O‘ylashimcha, u Shimoliy ta‘minot tarmog‘ini ehtimoliy terror hujumlaridan himoya qilish haqida gapirayapti. Savol paydo bo‘ladi, masalan O‘zbekistondan o‘tadigan AQSh harbiylari va jihozlariga nima tahdid solishi mumkin? Bu faqat Afg‘onistondan chiqib ketayotgan yoki u yerga borayotgan askarlar va infratizilmaga qarshi terror hujumlari bo‘la oladi. AQSh shu ta‘minot yo‘lining xavfsizligini ta‘minlash uchun barcha imkoniyatlarni qo‘llayapti.

BBC: Amerika Afg‘onistondan o‘z askarlarni olib chiqishni rejalayapti. U Afg‘onistonda ishlatgan harbiy jihozlarini qaytarib olib ketishdan ko‘ra ba‘zi qismini O‘zbekistonga berib ketmoqchi bo‘layotgan bo‘lishi ham mumkinmi?

Grozin: Ha, Afg‘onistonga o‘tgan yillar ichida olib o‘tilgan nihoyatda yirik miqdordagi qurol-aslaha va harbiy jihozlarni nazarda tutsak, AQSh uchun shuncha yukni okean orqali Amerikaga qaytarib olib borish, yoki hatto Ovro‘poga qaytarish maqsadga muvofiq emas. Uni yo Afg‘onistonning o‘zida yoki Markaziy Osiyoda qoldirish afzalroq. Va bu yuklar tarkibiga endi harbiy qurollar, harbiy texnika, o‘q-dorilar va jihozlar ham kirishi mumkin. Agar AQSh, NATO va Markaziy Osiyo davlatlari kelishuviga binoan, shunday yuklar ortda qoldiriladigan bo‘lsa, bu qandaydir mojarolarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki nafaqat Rossiya, balki boshqa ko‘plab qudrat markazlari bu qadamni o‘z harbiy va siyosiy manfaatlariga bo‘lgan tahdid deya qabul qilishlari mumkin. Hozircha, bu haqida aniq gapirish qiyin, chunki hali bu jarayon borasida biron kelishuvga erishilmagan.

BBC: Ya‘ni, sizningcha Markaziy Osiyoda ko‘p miqdorda harbiy qurol-aslahalarni qoldirish bu mintaqaning o‘z barqarorligi uchun ham yaxshi emas demoqchisiz, shundaymi?

Grozin: Ha, shunday deb o‘ylayman, mintaqadagi davlatlar orasida mojarolarning kuchayib ketish xavfi oshadi, chunki ular orasida raqobat va hasad paydo bo‘ladi. O‘zbekistonga bu kabi harbiy sovg‘alar taqdim qilinadigan bo‘lsa, bu Pekin, Moskva, Tehron, Islomobod va Kobulning o‘zida juda salbiy qabul qilib olinadi.