Yulduz Didier Drogbaning oyisi oshpazlik qilmoqda

Image copyright AP
Image caption Klotilde xonim oshpazlik qilish bilan mamlakatini qo‘llab-quvvatlayotganini aytadi

O‘g‘li Didie Drogba Afrika Kubogi o‘yinlarida mamlakatining sharafini himoya etarkan, oyisi Klotilde Drogba Fil Suyagi qirg‘og‘i milliy terma jamoasi ishqibozlarini taom pishirib, siylamoqda.

Xabarlarga ko‘ra, yulduz futbolchining volidasi o‘yinlarga hammezbonlik qilayotgan Ekvatorial Gvineya poytaxti Malabo sarhadlaridagi stadion chekkasida qo‘lbola oshxona tiklab olgan.

Klotilde Drogba "o‘z xo‘randalari"ni tovuq va baliqdan pishirilgan guruchli taomlar, achchiqqina souslar bilan mehmon qiladi.

O‘g‘li esa, qolgan jamoadoshlari bilan birga mehmonxonada tanavvul etadi.

Drogba xonim 2006 yilgi Jahon chempionati davrida ham ishqibozlar uchun yeng shimarib, "oshpazlik" qilgan.

Didie Drogba Fil Suyagi qirg‘og‘i davlatidagi eng mashhur odamlardan biri.

U yulduz futbolchi bo‘lishdan tashqari, vatanidagi siyosiy bo‘hronga barham berish uchun Murosa va Muloqot hay‘atini ham tashkil qilgandi.

Milliy terma jamoalarining Ekvatorial Gvineyada bo‘lib o‘tayotgan dastlabki uchrashuvlarini tomosha qilish uchun u yerga oltmishga yaqin ishqiboz borgan.

Ular har kuni yulduz futbolchilarining oyisi pishirayotgan taomlarni paqqos tushirish uchun bir dasturxon atrofiga yig‘ilishadi.

Bu mening ishim

Image copyright Reuters
Image caption Klotilde xonim o‘g‘lining hashamatli mehmonxonadan tanavvul etayotganiga ham xafa emas

"Har kim o‘zi yoqtirgan ishni qiladi", deydi milliy terma jamoasiga rangdosh bo‘lib norinj rangli futbolka kiyib olgan Klotilde xonim.

U oshpazlikni yulduz o‘g‘li uchun emas, mamlakatini qo‘llash uchun qilayotganini aytadi.

Drogba xonimning aytishicha, piyozu pomidor to‘g‘rash orasida milliy terma jamoasining qo‘li baland kelgan dastlabki ikki uchrashuvini mazza qilib tomosha qilishga muvaffaq bo‘lgan.

U agar Didie jamoadoshlari bilan Afrika kubogi o‘yinlarining yarim finaliga chiqa olishsa, shundoqqina stadion chekkasidan turib, ishqibozlik qilishga umid qilmoqda.

Klotilde xonimning aytishicha, o‘g‘lining o‘z qo‘llari bilan pishirgan taomlarining o‘rniga, faqat hashamatli mehmonxonadan ovqatlanishi shart ekaniga oid tartib-qoidalarni buzish niyati yo‘q.

U uyda pishirilgan ovqatlarsiz ham, Didie boshchiligida Fil Suyagi qirg‘og‘i milliy terma jamoasining Afrika kubogini qo‘lga kiritishiga ishonchi komil.

Chunki ko‘plab futbol sharhlovchilari ham buni oldindan bashorat etishmoqda.

"Milliy terma jamoamiz qoyilmaqom o‘yin namoyish etayapti va yagona tilagim ularning turnirda g‘alaba qozonishlaridir", deb aytgan Klotilde Drogba xonim.