Qozog‘iston hayvonot bog‘ida qittak-qittak sharobxo‘rlik...

Image copyright Valeriy Kaliev

Qozog‘istonning Qarag‘anda shahri hayvonot bog‘i maymunlarni sovuqdan asrash uchun ularga qittak-qittak sharob taklif etmoqda.

Hayvonot bog‘i mas‘ullari sovuq kunlarda maymunlarni shamollashlardan saqlash uchun vino qo‘shilgan ichimlik yaxshi foyda berishini aytishmoqda.

Maymunlarni havoning keskin o‘zgarishidan saqlash maqsadida, ushbu amallarini yoz kunlarida ham qo‘llashlari ma‘lum bo‘ldi.

Iqlimi keskin bo‘lgan Qarag‘andada shu kunlarda havo harorati 30-40 daraja sovuq bo‘lib turibdi.

Shahardagi hayvonot bog‘i, shu sababdan ham, hayvonlarni sovuqdan asrash uchun o‘ziga xos choralarni ko‘rgan.

Hayvonot bog‘idagi 12 ta maymunga haftada bir marta vino qo‘shib tayyorlangan maxsus ichimlik berilib, ular turli shamollashlar va sovuqdan ehtiyot qilinmoqda.

Hayvonot bog‘i direktori o‘rinbosari Svetlana Pilyuk maymunlarning alkogol ichishida hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘qligini aytadi.

"Xuddi odamlardek"

"Ular odamlarga juda ham o‘xshashadi. Shuning uchun ham, insonlarga xos bo‘lgan jihatlar va taomlar maymunlar uchun mos keladi. Gohida daraxtlardan mevalar tushadi va uning ustiga yomg‘ir yog‘ishi natijasida achiy boshlaydi. Natijada may hosil bo‘ladi. Maymun va fillar ushbu bijg‘igan mayni ichishni yaxshi ko‘rishadi", - deydi Svetlana Plyuk.

Mutaxassisning ilova qilishicha, tashqarida havo keskin sovuq bo‘lgan kunlari har bir maymun o‘tkir shamollash kasalliklaridan saqlanish maqsadida bir hafta davomida 50 gramm vino icharkan.

"Yoz mavsumida, maymunlarni ochiq joyga ko‘chirayotganimizda, ayniqsa, may oyida ham xuddi shunday qilamiz. Qarag‘andada keskin kontinental iqlim hukm suradi. 25 darajali issiqdan so‘ng, harorat -2 darajaga tushib ketishi mumkin. Mana shunday vaqtlarda beramiz. Hech qachon homilador va kichkintoy maymunlarga berilmaydi", - deydi Svetlana Plyuk.

Xos kokteyl

Vinoga qaynatilgan suv qo‘shiladi hamda limon, apelsin, olma solib maymunlarga tortiq qilinadi.

Mas‘ullarning aytishlaricha, maymunlar bu tariqa tayyorlangan mevali va spirtli kokteylni mazza qilib iste‘mol qilisharkan.

Maymunlar hayvonot bog‘ining ichkarisida saqlanadi va u yerda havo harorati 27 daraja issiq.

Ochiq havoda esa, yo‘lbars, qush va tuyoqli jonivorlar saqlanadi.

"Havo harorati - 37 daraja bo‘lgan paytda yirtqichlarning go‘shtini 50 foizga ko‘paytirdik. O‘txo‘rlarning xashagini oshirdik. To‘yintiruvchi moddalarga boy yemlarni berdik", - deydi Qarag‘anda hayvonot bog‘i direktori o‘rinbosari Svetlana Plyuk.

1930-yillarning o‘rtalarida tashkil topgan ushbu hayvonot bog‘ida bir vaqtlar gapiruvchi fil ham bo‘lganini bilib oldik.

Olma otadagi hayvonot bog‘ida tug‘ilgan Botir ismli bu fil gapirishda ayrim to‘tilardan ham o‘tib tushgani aytiladi.