"Iyun qirg‘ini yuzasidan muvaqqat hukumat javobgarlikka tortilmaydi"

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, 2010 yil Qirg‘iziston janubida yuz bergan va aksariyati etnik o‘zbeklardan iborat yuzlab kishilarning umriga zomin bo‘lgan qonli milliy nizolar yuzasidan sobiq muvaqqat hukumat a‘zolarini javobgarlikka tortish niyati yo‘q.

Qirg‘iziston ommaviy-axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bu haqda mamlakat Bosh prokurori Aid Salyanov kecha parlamentda qilgan chiqishi chog‘ida bayon qilgan.

Aid Salyanov, o‘z o‘rnida, ayrim muvaqqat hukumat a‘zolari va ba‘zi bir mahalliy mulozimlar "iyun voqealarining oldini olish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishmagani"ni ham e‘tirof etgan.

Qirg‘iziston Bosh prokurori ularning sirasida muvaqqat hukumatning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Ismoil Isakov, milliy xavfsizlik xizmati rahbari Keneshbek Dushebayev va ichki ishlar vaziri Qubatbek Baybolovlarni tilga olib o‘tgan.

Ismoil Isakov iyun voqealari yuz bergan vaqtda muvaqqat hukumatning Qirg‘iziston janubidagi maxsus vakili ham bo‘lgan.

Ammo Qirg‘iziston Bosh prokurorining bayon qilishicha, muvaqqat hukumatning xatti-harakatlarida "jinoyat tarkibi" yo‘q.

Bundan avval milliy nizolar yuzasidan olib borilgan qator mahalliy va xalqaro tekshiruv xulosalarida esa, yuz bergan hodisada yuqori martabali amaldorlar va kuch tizimlari vakillarining javobgarligi xususida so‘z borgandi.

Hisobotlar

Qirg‘iziston janubida 2010 yilning iyun oyida ro‘y bergan hodisalarga aloqador fakt va shart-sharoitlarni tekshirish vakolatiga ega bo‘lgan xalqaro mustaqil tergov hay‘ati o‘z tekshiruvlari jarayonida turli siyosatchilar va tashkilotlarning yuz bergan voqealarga qanchalik mas‘ul ekanliklarini ham o‘rgangandi.

Xalqaro hay‘at o‘tgan yil may oyida e‘lon qilgan hisobotida iyun hodisalaridan ikki oy burun qudratga kelgan muvaqqat hukumat Qirg‘iziston janubida millatlararo munosabatlar izdan chiqib borayotganini anglab yetmagan yoki vaziyatga yetarlicha baho berolmaganini ta‘kidlagandi.

"Prezident O‘tinboyevaning da‘vo qilishicha, zo‘ravonliklar yashin tezligida yuz berganidan, uni jilovlashning uddasidan chiqisholmagan. Bu kabi izohi hukumatni o‘z fuqarolarini himoya etishdek eng asosiy vazifasidan soqit etolmaydi", deb bayon qilgandi hay‘at.

Xalqaro mustaqil tergov hay‘atining xulosa qilishicha, iyun oyidagi zo‘ravonliklarni mantiqan oldindan bashorat qilish va agar muvaqqat hukumat ehtiyot chorasini ishlab chiqqanida, uni jilovlashi mumkin bo‘lgan.

Hay‘at muvaqqat hukumat bu kabi g‘alayonlarga bas kela olishlari uchun, ayniqsa, xavfsizlik kuchlarini risoladagidek tayyorgarlikdan o‘tkazish va lozim jihozlar bilan ta‘minlashga mas‘ul bo‘lganini ham eslatgandi.

Iyun hodisalariga doir barcha hisobotlarga qaralsa ham, zo‘ravonliklar sabab, yuz minglab kishilar o‘z turar-joylarini tark etishga majbur bo‘lishgan, asosan o‘zbeklarning hovlilari va ularga tegishli tijoratlar vayron etilgan.

Qirg‘iziston hukumati iyun voqealariga mas‘uliyatni O‘zbek jamoasi liderlari, o‘tgan yil aprel oyida qudratdan ag‘darilgan prezident Qurmonbek Bakiyev tarafdorlari va xalqaro terrorchilar zimmasiga yuklagandi.