Ukrainada qahraton sovuq 100dan oshiq inson hayotiga zomin bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Ukraina bo‘ylab 3 mingdan ortiq ovqatlanish va isinish markazlari tashkil etilgan

Ukraina hukumatining e‘lon qilishicha, mamlakatda o‘tgan juma kunidan buyon qahraton sovuqdan 101 inson halok bo‘lgan.

O‘lganlarning aksari uysiz insonlar bo‘lib, ularning 64 nafari ko‘chalarda muzlab qolishgan, deya xabar beradi Ukraina Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Xabarlarga ko‘ra, yana yuzlab inson shifoxonaga yotqizilgan.

Shu hafta sharqiy Ovro‘poning ba‘zi nuqtalarida havo harorati -35 darajaga tushib ketdi.

Polshada payshanba kunining o‘zida kamida 8 inson halok bo‘lgan. Polsha rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan bir hafta ichida bu mamlakatda sovuqdan o‘lganlar soni 37ga yetgan.

Sharqiy va markaziy Ovro‘poning boshqa mamlakatlarida ham sovuq havodan insonlar o‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Serbiyaning tog‘li mintaqalaridan birida kamida 11 ming aholiga ega qishloq tashqi dunyodan ajralib qolgan, deya xabar beradi Assoshiyeytd Press agentligi.

Ukraina hukumati maktab va kollejlarni berkitishga buyruq bergan, mamlakatning 3 mingdan ortiq nuqtasida isinish va bepul ovqatlanish markazlari tashkil etilgan.

Sog‘likni saqlash vazirligi shifoxonalarga uysiz bemorlarni javob bermaslikka topshiriq bergan.

Yanvar oyida Rossiyada, Interfaks agentligiga ko‘ra, sovuqdan 64 inson halok bo‘lgan.

Qozog‘iston poytaxti Ostonada havo harorati -35 darajada qayd etilgan.