AQShda qo‘lga olingan o‘zbekistonlik ayblarni tan olmadi

Image copyright AFP
Image caption Kecha payshanba kuni Denver mahkamasi qarshisida hozir bo‘lgan Jamshid Muxtorov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad etgan

Kecha payshanba kuni Amerikaning Denver mahkamasi qarshisida hozir bo‘lgan va xalqaro terrorchi tashkilotga ko‘mak berishda ayblangan o‘zbekistonlik qochqin Jamshid Muxtorov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad etgan.

Hakamning savollariga rus tilida tarjimon yordamida javob berarkan, u "Alloh shohid, men hech qachon bu ishni qilmaganman", deb bayon qilgan.

Shundan so‘ng, amerikalik hakam toki himoyachi olmagunicha, Jamshid Muxtorovga boshqa so‘zlamaslikni maslahat bergan.

"Associated Press" axborot agentligi tarqatgan xabarlarda aytilishicha, o‘zbekistonlik mahbus qo‘lga olinganidan buyon terrorchi kabi tutib turilganini bildirgan.

Jamshid Muxtorov shu yilning 21 yanvar kuni Chikagoning O'Hari xalqaro aeroportida hibsga olingandi.

O‘zbekistonlik shu hafta chorshanba kuni Koloradoga qaytarilgan va shtat federal hakami unga qarshi rasman o‘z ayblovlarini e‘lon qilgandi.

Federal Qidiruv Byurosi Jamshid Muxtorovni Islomiy Jihod Ittifoqiga "moddiy dastak ko‘rsatish va moddiy yordam ko‘rsatishga urinish"da ayblamoqda.

"Islomiy Jihod Ittifoqi" O‘zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan qurolli guruh hisoblanadi.

Guruh Pokistonning ozod qabilalar yashovchi mintaqalarida faol ekani aytiladi.

Islomiy Jihod Ittifoqi AQSh Davlat Departamenti tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Biroq amerikalik rasmiylarning qayd etishlaricha, Jamshid Muxtorovning Qo‘shma Shtatlar hududida biror hujumni rejalashtirganiga oid ma‘lumot yo‘q.

Senga himoyachi lozim

Hibsga olinishidan ikki kun keyin Chikagoda bo‘lib o‘tgan dastlabki mahkama tinglovidan farqli tarzda, Jamshid Muxtorov Denver mahkamasida himoyachisiz hozir bo‘lgan.

Amerikalik hakamning himoyachi olishni istarmiding, degan savoliga o‘zbekistonlik mahbus, "Hibsga olinganidan buyon na-da rafiqasi bilan so‘zlashish va na-da himoyachi yollashga imkonli bo‘lgani"ni aytib, javob bergan.

Xabarlarga ko‘ra, Jamshid Muxtorov o‘ziga nisbatan bu kabi munosabat davom etadigan bo‘lsa, himoyachi olishiga ko‘zi yetmasligini ham qo‘shimcha qilgan.

"Associated Press" axborot agentligi uning, "ataydan o‘ziga bunday munosabat qilishayapti, degan fikrga borgani"ga oid so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Aytilishicha, shundan so‘ng, hakam uni himoyachining hozirligisiz ortiq so‘zlamaslik, aks holda qoralovchilar gapirgan har bir gapini o‘ziga qarshi ishlatishlari mumkinligi bilan ogohlantirgan.

Ayon bo‘lishicha, buning ortidan, hakam Ketlin Tafoya xonim o‘zbekistonlik mahbusga himoyachi tayin etishini ham va‘da qilgan.

Jamshid Muxtorov hakamdan terrorchilikka gumon qilinayotgan shaxs sifatida alohida emas, balki umumiy kamerada tutib turishlarini ham so‘ragan.

Ammo hakam Tafoya xonim bu o‘zining ixtiyoridagi ish emasligini aytib, javob bergani aytiladi.

Qochqin

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

AQSh Davlat Departamentining 2005 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid hisobotida ma‘lum qilinishicha, Jamshid Muxtorovning singlisi Dildoro Muxtorova qotillikda ayblanib, hibsga olingan.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Kolorado Shtatida 2005 yildan buyon 157 nafar O‘zbekiston fuqarosi boshpana olgan.