BMT: Afg‘oniston fuqarolari orasida qurbonlar soni muttasil ortayotir

Image copyright s
Image caption BMT hisobotiga ko‘ra, 2007 yildan buyon afg‘on urushida halok etilgan oddiy fuqarolar soni 11864 tani tashkil etdi

BMTning yangi hisobotidan oshkor bo‘lishicha, Afg‘on urushida o‘ldirilgan va yarador etilgan oddiy fuqarolar soni besh yildan buyon muttasil ortib bormoqda.

Afg‘onistondagi BMT Yordam Missiyasi (Yunama) 2011 yilda 3021 oddiy fuqaro halok bo‘lganini hujjatlashtirgan.

Oddiy fuqarolar orasida qurbonlar soni 2010 yilda 2790 nafarni, 2009 yilda esa 2412 nafarni tashkil etgandi.

Hisobotga ko‘ra, ularning aksari isyonchilar hujumlari payti halok bo‘lgan.

Unda ta‘kidlanishicha, yasama portlovchi uskunalar tobora ko‘proq ishlatilmoqda va xudkush hujumlar yanada halokatliroq bo‘layotir.

Biroq, hisobotga ko‘ra, Afg‘on hukumati dastaklagan havo hujumlarida halok bo‘lganlar soni 2011 yilda oshgan.

"Bu urushda afg‘on bolalari, ayollari va erkaklari har qachongidan ham ko‘proq o‘ldirilmoqda," dedi BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Yan Kubish.

"Uzoq paytdan buyon urushning eng qimmat badalini oddiy afg‘onistonliklar to‘lashmoqda. Mojaroda qatnashayotgan taraflar oddiy fuqarolar orasida 2012 yilda qurbonlar soni yanada oshmasligi uchun o‘z say harakatlarini keskin kuchaytirishlari kerak."

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, afg‘on urushida 2007 yildan buyon, hammasi bo‘lib, 11864 oddiy fuqaro halok etildi.

2011 yilda esa "aksil-hukumat unsurlari" qurbonlarning 2332 nafari yoki 77% uchun mas‘ul bo‘ldi. Hisobotga ko‘ra, bu 2010 yilga nisbatan 14% ko‘proq deganidir.

Hukumat kuchlari amaliyotlari chog‘ida 410 oddiy fuqaro (14%) halok bo‘lgan. Bu 2010 yilga nisbatan 4% kamroqdir.

Ammo 279 fuqaro o‘limiga qaysi tomon mas‘ul ekani aniq ma‘lum emas, deyiladi hisobotda.

"2011 yilda yasama portlovchi moddalar afg‘on bolalari, ayollari va erkaklarining eng yirik qotiliga aylandi: qo‘lbola minalar va bombalardan 967 fuqaro halok bo‘ldi. Bu urushda halok bo‘lgan oddiy fuqarolarning uchdan biriga tengdir," deya qayd etiladi hisobotda.

Unda ta‘kidlanishicha, o‘tgan yilgi havo hujumlarida 187 oddiy fuqaro o‘ldirilgan. Bu 2010 yilga nisbatan 9% ko‘pdir.

Inson huquqlari bo‘yicha BMT Bosh komissari Navi Pillayning aytishicha, oddiy fuqarolar orasida qurbonlar sonining yildan yilga ortib borayotgani "o‘ta xavotirli"dir.

"Ushbu raqamlar ortida Afg‘onistondagi oilalar uchun katta kulfat va yo‘qotishlar yotibdi," - dedi u.

Pillay xonim mart oyida BMT Inson Huquqlari Kengashiga Afg‘onistondagi inson huquqlariga oid hisobotini taqdim etadi.

NATO boshchiligidagi Xalqaro Xavfsizlikni Saqlash Kuchlari (AYSAF) Afg‘onistonni 2014 yil oxiriga qadar tark etishadi.

AQShning uchuvchisiz dron uchoqlari Tolibon qarshi Pokistonga chegaradosh hududlarda muntazam amaliyotlar o‘tkazmoqda.