Qoraqalpoq universiteti dekani talabalarni urishda gumon qilinmoqda

Image caption Zo‘ravon mulozimning hatti-harakatidan hozircha hech kim huquq idoralariga shikoyat qilmagan.

YouTube video ulashish tarmog‘ida shu kunlarda paydo bo‘lgan lavhada qoraqalpoq tilida gapirayotgan mulozimning orqalariga bo‘sh etaklarini osib olgan yosh yigitlarni birma-bir do‘pposlayotgani namoyon bo‘lgan.

Fergana.ru sahifasi muallifi Daniil Kislovga ko‘ra, 10-daqiqalik lavhaning qahramoni Qoraqalpoq Universitetining kimyo va texnologiya fakulteti dekani Maqset Jollibayevich Ayimbetovdir.

YouTube portaliga videoni kim joylashtirgani noma‘lum, biroq janob Kislov Nukusdagi ishonchli manba unga videodagi zo‘ravon shaxs Maqset Ayimbetov ekanini tasdiqlaganini bildirdi.

Videoda dekan aftidan paxta yig‘im-terimida oqsayotgan talabalarni birma-bir chaqirib, kaltaklaydi. U talabalarning yuzlariga va boshlariga qayta-qayta shapati uradi, va qorinlariga musht tushiradi.

U, shuningdek, talabalarni uyat so‘zlar bilan so‘kadi, ularni "mol" deya oldiga chaqirib, "mushtdek qizlar"cha paxta tera olmaslikda ayblaydi.

BBC videodagi shaxs haqiqatdan ham Qoraqalpoq Universitetining kimyo va texnologiya fakulteti dekani Maqset Jollibayevich Ayimbetov ekani yo yo‘qligini aniqlash uchun dekan qabulxonasiga bog‘landi.

Go‘shakni ko‘targan kotiba bunga janob Ayimbetovni o‘zi gapirgani afzalroq ekanini aytdi, biroq ayni damda videodagi shaxs Ayimbetov ekanini rad ham etmadi. Dekan Ayimbetov esa telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Image caption Janob Ayimbetov ayblovlarga munosabat bildirishni xohlamadi

Bu kabi video O‘zbekiston uchun g‘ayrioddiy hol emas. O‘tgan yili o‘zbekistonlik qiz talabaning o‘z erkak domlasini tahqirlayotgani tushirilgan video ko‘plarni larzaga solgandi.

Zo‘ravonlik sahnalari aks etgan videolavhalar zamonaviy telefonlar va internet rivojlanishi bilan tez tarqalmoqda.

O‘zbekiston hukumat idoralarida bir necha yil faoliyat yuritgan tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, hukumat rasmiylarining o‘z qo‘li ostidagi xodimlarni do‘pposlashi O‘zbekistonda avval ham bir necha bor uchragan.

"Men bu holatni siyosiy an‘ana deb aytgan bo‘lardim. Bu Sovet Ittifoqi davrida shakllangan siyosiy tajriba, lekin mustaqillik yillarida O‘zbekistonda saqlanib qolgan", - deydi u.

Uning aytishicha, O‘zbekiston rasmiylarida ko‘p hollarda zo‘ravon usullarni qo‘llashdan boshqa yo‘l yo‘q.

"Siyosiy elitaning jamiyatni ishontirishga, va ishontirish orqali boshqarishga intellektual va g‘oyaviy resurslari yetishmaydi. Avtoritarizm hokimiyatni kuch bilan ushlab turishga asoslanadi... Jamiyatning kuchi yetmaydi o‘z hokimiyatini almashtirishga, hokimiyat ham jamiyatga ishonmaydi, shuning uchun qo‘rquvlar va qo‘rqituvlar orqali boshqariladi", - deydi tahlilchi.