Moskvada hukumat va muxolifatning ommaviy namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Image copyright Reuters
Image caption Muxolifat yurishida 100 mingdan ziyod inson qatnashgani xabar qilinadi

Rossiya poytaxti Moskva o‘n minglab odamlar Bosh vazir Vladimir Putin hukumatiga qarshi yurishda ishtirok etganlar.

Bu dekabr oyida bo‘lib o‘tgan ziddiyatli parlament saylovlaridan buyon o‘tkazilgan uchinchi namoyishdir.

Ammo janob Putin tarafdorlari Moskvaning boshqa nuqtasida o‘z yurishlarini tashkil etganlar.

Vladimir Putin kelgusi oy bo‘lib o‘tajak prezidentlik saylovida o‘z nomzodini ilgari surishini e‘lon qilgan.

-19 darajali sovuq havo ham odamlarni namoyishda ishtirok etishdan to‘xtatib qola olmagan.

Moskvadagi BBC muxbiri Daniyel Sandfordning aytishicha, bu galgi namoyishda qatnashganlarning soni taxminan o‘tgan galgi namoyishlar singari bo‘lgan. Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan yurishda, tashkilotchilar hisob-kitobiga ko‘ra, 120 mingga yaqin odam ishtirok etgandi.

Biroq Moskva politsiyasi shanba kungi yurishda bor-yo‘g‘i 23 ming odam ishtirok etganini aytgan.

Politsiyaga ko‘ra, Putinni tarafdorlari namoyishida 100 mingdan oshiqroq odam ishtirok etganini aytgan.

"Bu yerga barcha o‘z ixtiyori bilan kelgan," - deydi muxolifat namoyishida ishtirok etganlardan biri. - "Mening ba‘zi do‘stlarimni korxonalaridan Putin tarafdorlari namoyishida qatnashishga majburlashibdi."

Kuzatuvchilarga ko‘ra, namoyishda qancha odamning ishtirok etishi muxolifatning nimalarga qodirligini ko‘rsatadi.

Bosim

Oq lenta taqib olgan aksil-Putin namoyishchilar Kalujnaya maydonidan Bolotnaya maydonigacha bo‘lgan yurish oxirida osmonga oq sharlarni uchirganlar.

Ular "Putin, yo‘qol!" va "Rossiya Putinsiz!" degan shiorlarni aytib hayqirishgan; BBC muxbiriga ko‘ra, plakatlardan biriga "Putin uyatsiz va vijdonsiz odam", degan yozuv bo‘lgan.

Janob Putin juma kuni o‘z tarafdorlariga uni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

"Men ulardan minnatdorman va ularning qarashlariga sherikman," dedi u va namoyishchilardan issiqroq kiyinib olishni so‘radi.

Muxolifat dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovini qayta o‘tkazishni talab qilmoqda va xalqni mart oyida bo‘lib o‘tajak prezidentlik saylovida Putinga ovoz bermaslikka chaqirmoqda.

BBC muxolifat yurishida ishtirok etgan huquq faoli Bahrom Hamroyev bilan suhbatlashdi.