G‘arb Xitoy va Rossiyaning Suriya borasidagi vetosini qoraladi

Image copyright NA
Image caption Suriyada qon to‘kilishda davom etmoqda

G‘arb davlatlari Rossiya va Xitoyni Suriya hukumati amallarini qoralovchi BMT rezolyutsiyasiga to‘siqlik qilganini qoralashgan.

Rezolyutsiya Suriya Prezidenti Bashar al-Assad ma‘muriyatining namoyishchilarni kuch bilan bostirish siyosatini qoralashi kutilgandi, lekin Rossiya va Xitoy bunga veto qo‘yishgan.

AQSh vetoni "uyatli" deya tasvirladi, Britaniya esa u Suriya xalqining manfaatida emasligini aytdi. Frantsiya ham o‘z noroziligini izhor qildi.

Rossiya va Xitoy taklif qilingan rezolyutsiya loyihasi "muvozanatsiz" bo‘lganini aytganlar.

Mazkur hujjat rad qilinishidan bir necha soatgina avval Suriya qo‘shinlari Homs shahrida kamida 55 kishini o‘ldirishda ayblanganlar.

Homsga isyonchilar bilan kirishga muvaffaq bo‘lgan BBC muxbiri Pol Vud shaharda og‘ir qurollar ovozi eshitilayotganini bildirdi.

Yakshanba kuni Suriya hukumatiga muxolif namoyishchilar Avstraliya poytaxti Kanberradagi Suriya elchixonasiga bostirib kirganlar.

Politsiya kamida 40 erkak eshikni buzib kirib, jihozlarga shikast yetkazganlari va kompьyuterlarni o‘g‘irlaganlarini xabar qildi.

Bunga o‘xshash hujumlar avvalroq Yaqin Sharq va Ovro‘podagi Suriya elchixonalarida ham amalga oshirilgan.

"Suriya xalqini sotish"

Amerikaning BMTdagi elchisi Syuzan Rays shanba kungi ovoz berish jarayonini "uyatli" deya tasvirladi, hamda Rossiya va Xitoy "bir qo‘rqoq zulmkorni deb Suriya xalqini sotish"ni maqsad qilib olishganini aytdi.

Image copyright AP
Image caption Kanberradagi Suriya elchixonasi vayron qilindi

Bundan buyog‘iga to‘kiladigan har tomchi qon Rossiya va Xitoyning qo‘lida bo‘ladi", - dedi u.

Britaniya Tashqi Ishlar Vaziri Vilyam Heyg esa bayonot chiqarib, Moskva va Pekinning qadami Suriya xalqini unutib qo‘yganini aytdi va bu veto Prezident Assadning "shafqatsiz rejimini yana ko‘proq qotilliklarni amalga oshirishga rag‘batlantiradi" dedi.

Parijda Frantsiya Prezidenti Nikola Sarkozi vetoni qattiq qoralashini bildirdi, lekin muammo yechimini qidirishda davom etishga va‘da berdi.

BMT Xavfsizlik kengashining hozirgi kundagi yagona arab a‘zosi bo‘lmish Marokashning BMTdagi elchisi Muhammad Lulichki Moskva va Pekinning vetosidan qattiq hafsalasi pir bo‘lganini aytgan.

Rezolyutsiya loyihasi "Suriyaliklar boshchiligida demokratik, ko‘p-partiyaviy siyosiy o‘zgarishlar" bo‘lishini nazarda tutgan.

Lekin, Rossiya bu loyiha Suriya hukumatini ajratib ko‘rsatgani va qurolli muxolif guruhlarga qarshi hech qanday choralarni ko‘zda tutmaganini aytgan.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin loyihani muvozanatsiz deya tasvirladi.

"Afsuski, xalqaro hamjamiyatning ba‘zi qudratli a‘zolari siyosiy yechimdan ko‘ra, tizim o‘zgarishini talab qilishmoqda, va muxolifatchilarni qudrat tomon siljitishmoqda", - dedi u.

Pekinning BMTdagi elchisi Li Baodong Suriya hukumatiga bosim o‘tkazish bilan mojaroni yechim bo‘lmasligini aytgan.

Damashqdagi Assadparast tarafdorlar Xitoy va Rossiya qarorini hush qarshi olishgan.

"Biz Xavfsizlik Kengashi qayg‘urishi lozim bo‘lgan muhimroq masalalar bor deb o‘ylaymiz... Somali va G‘azoga o‘xshagan", - dedi bir tarafdor BBCga.