Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist Joanna Lillisga savol yo‘llang

Image caption Joanna Lillis ko‘p yillardan beri Markaziy Osiyoda yashab keladi.

BBC mehmoni - Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist Joanna Lillis.

Angliyalik jurnalistning Qozog‘iston haqidagi maqolalari va xabarlari Independent va Gardian gazetalari, hamda eurasianet.org sayti orqali uzatiladi. U, shuningdek, Al-Jazira telekanali bilan hamkorlik qiladi.

Jurnalistning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng barqaror va farovon sanalgan Qozog‘iston noodatiy siyosiy notinchliklarni boshidan kechirmoqda.

Joanna Lillis o‘tgan dekabr oyida Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida norozi neftchilar va qo‘shinlar orasida yuz bergan to‘qnashuvlar ortidan hukumat qo‘shinlari o‘qlaridan jarohat olgan odamlar bilan uchrashgan ilk mustaqil jurnalistdir.

Uning yaralangan neftchilar va oddiy odamlarga to‘la Janao‘zen kasalxonasidan uzatgan xabarlari orqali jahon hamjamiyati Qozog‘istondagi qonli voqealar haqida ma‘lumotga ega bo‘ldi.

U bugunda Qozog‘istonda siyosiy muxolifat, faollar va Prezident Nazarboyevni tanqid qiluvchi matbuotga qattiq bosim o‘tkazilayotganini aytadi.

Joanna Lillisning aytishicha, bir necha haftadirki Prezident Nursulton Nazarboyev o‘ta yomon kayfiyatda ko‘rinadi. "U o‘zini burchakka tiralgandek his qilmoqda", - deydi u.

Jurnalistning tahliliga binoan, Nazarboyevning siyosiy imidjiga katta dog‘ tushdi, shunday ekan u bunday vaziyatda lavozimni tashlab ketmaydi.

Image caption Joanna Lillis qozoq siyosatidagi pastu balandliklarni foto va videolavhlari bilan ham yoritib keladi

Ayni damda, unda qudratni kimga me‘ros qilib qoldirish muammosi paydo bo‘lgan.

"Muxolifatni bu kabi yirik ko‘lamda bosim ostiga olish katta xatodek ko‘rinmoqda - uch yirik muxolifat rahbarining hibsga olinishi xalqaro matbuotda bosh sarlavhalarga aylandi. Qozoq ma‘muriyati vahimaga tushgan ko‘rinadi", - deydi Joanna Lillis.

28 yanvarda o‘tgan aksilhukumat namoyishda 500dan ortiq qatnashchilar Janao‘zen qurbonlarini xotirlab duo qilishgan, lekin tadbir oxirida muxolifat rahbarlari hibsga olingan.

3 fevralda yosh faol Janbolot Mamay ijtimoiy notinchliklarni keltirib chiqarishga urinishda ayblangan va 12 yillik qamoq jazosiga yuz tutayotir.

Vzglyad gazetasining bosh muharriri Igor Vinyavskiy go‘yoki 2010 yilda davlat to‘ntarishiga chaqirgani uchun o‘tgan oy qamoqqa olingan.

Alga partiyasining rahbari Vladimir Kozlov ham o‘xshash ayblar bilan panjara ortida qolayotir.

Joanna Lillisga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring. Savollaringizni elektron pochta orqali uzbek@bbc.co.uk adresiga ham yuborishingiz mumkin.