Britan matbuoti: "O‘zbeklar taqdirga tan bergan"

Image caption Maqolaga ko‘ra, Prezident Karimov O‘zbekistonning yakkalanib qolishiga sababchi

Britaniyada chop qilinuvchi Telegraf gazetasida yozilishicha, O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shaxobchalari oldidagi uzun navbatlar va elektr quvvatidagi uzilishlar poytaxt Toshkentning yuragiga kirib borgan, ba‘zi viloyatlarda esa odamlar bir necha kunlab ichimlik suvisiz qolayotganlarini bildirishgan.

Maqola muallifi bilan suhbatlashgan sobiq britan armiyasi askari O‘zbekistonga safari chog‘ida odamlar orasidagi tushkun kayfiyatni sezganini aytadi.

"Odamlar bu uzilishlardan g‘azabdalar. Ular nima uchun elektr uzib qo‘yilayotgani, nima uchun suv yo‘qligi va nima uchun soatlab benzinga navbatda turishlarini bilmay boshlari qotgan", - deydi sobiq harbiy.

Afg‘onistonda xizmat qilgan sobiq britan askari O‘zbekiston bo‘ylab tadqiqot safarida bo‘lgan. U o‘z ismini oshkor qilishni istamagan.

Termezdan Toshkentgacha bo‘lgan sakkiz soatlik yo‘l safarida sobiq britan askari 23ta yoqilg‘i quyish shaxobchasidan 20tasi yopib qo‘yilganini ko‘rgan.

"Ochiq shaxobchalar tashqarisida esa yuzlab mashinalar navbatda terilib turishgandi", - deb aytgan u.

Maqolada elektr va yoqilg‘i uzilishlariga qaramay, janob Karimov o‘zbek iqtisodining turli yutuqlari borasida nutqlar o‘qishda davom etgani aytiladi.

"Gaz va oltinga boy O‘zbekistonda amal qiladigan markazlashgan iqtisod uni jahondan deyarli butkul ajratib qo‘ygan. 2008 va 2009 yillarning global moliyaviy inqirozi davrida o‘zbek iqtisodi o‘sishda davom etgani aytildi", deyiladi maqolada.

Telegraf muxbiriga ko‘ra, o‘zbek rasmiylari uzilishlar borasidagi xabarlarni yo umuman rad qilgan yoki gaz uchun oshib borayotgan talabni ayblashgan, biroq mustaqil xabar agentliklari korruptsiya, yomon boshqaruv va abgor infratizilma ta‘minotdagi uzilishlarga sabab bo‘lgani aytiladi.

Ba‘zi xabarlarda odamlar borgan sari rasmiylardan g‘azablanayotganlari aytilgan, ammo sobiq britan askari bu fikrga qo‘shilmaydi.

Unga ko‘ra, ba‘zi odamlar boshi qotgandek ko‘rinsada, ular g‘azablangandan ko‘ra, taqdirga tan bergan ko‘rinadilar.

"Odamlar kimni ayblashni bilishmaydi va faqat yelka qisib qo‘yishadi. Bu huddi britaniyaliklar ob-havodan shikoyat qilgandek narsa. Ular havo dabdala deyishadi, lekin u baribir davom etaveradi", - deb aytgan askar maqolada.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Sovet Ittifoqidan mustaqil bo‘lib chiqqanidan beri 30 million aholiga ega mamlakatini yakkalatib qo‘ygan va uni politsiya mamlakatiga aylantirgan.

Lekin, maqolaga ko‘ra, O‘zbekiston NATOning Afg‘onistonga eltuvchi ta‘minot yo‘lida muhim nuqtaga aylangani va "barqaror va do‘stona O‘zbekiston" 2014 yilda Afg‘onistondan harbiy uskunalarni olib chiqish uchun kerakdir.