Abu Qatada bir necha kun ichida ozod etiladi

Image copyright AP
Image caption Abu Qatada Iordaniyada terrorchilikda ayblanmoqda

Britaniyalik musulmon da‘vatchi Abu Qatada kafolat asosida bir necha kun ichida ozodlikka chiqariladi.

Muhojirlik arizalari bo‘yicha Britaniya Maxsus komissiyasi ana shunday xulosaga kelgan.

Britaniya hukumatining bayon qilishicha, Abu Qatadaning ozodlikka chiqarilishi xavfsizlik xavotirlarini tug‘diradi.

Britaniya Ichki ishlar vazirligining huquqshunoslari radikal ulamoni Iordaniyaga deportatsiya qilish masalasi ko‘rilayotgan bir paytda uni ozod etishlariga qarshi chiqqanlar.

Bir necha kun muqaddam Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi Abu Qatadaning Iordaniyaga deportatsiya qilinishini to‘xtatib qolgandi.

Ovro‘po mahkamasi Iordaniyada u qiynoqqa tutilishi mumkin degan xulosaga kelgan.

Abu Qatada Iordaniyada terrorchilikda ayblanmoqda.

Britaniya Maxsus komissiyasi tinglovi paytida da‘vatchining himoyachilari uni qamoqxonada ortiq ushlab turish asossiz deya ta‘kidlaganlar.

Hakam Mitting Abu Qatada deportatsiyasi Ovro‘po mahkamasi tomonidan to‘xtatib qolingani uchun uni kafolat asosida qo‘yib yuborish maqsadga muvofiq ekanini aytgan.

Yaqin kunlarda Abu Qatada Vustershir grafligidagi qamoqxonadan ozodlikka chiqadi va Londonga keladi.

Abu Qatada himoyachisi Fitsjerald ruhoniy qamoqxonada olti yarim yil o‘tirgani aytgan.

Himoyachiga ko‘ra, da‘vatchiga bu davr ichida rasmiy ayblov qo‘yilmagan.

Abu Qatada, faqat "milliy xavfsizlik" nuqtai nazaridan ushlab turilgan, deb aytgan advokat Fitsjerald.

Asl ismi Umar Usmon bo‘lgan Abu Qatada Ovro‘poda jihod g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi eng nufuzli musulmon da‘vatchilaridan biri hisoblanadi.

Avvalroq britaniyalik hakamlar Abu Qatada mamlakat xavfsizligiga real tahdid soladi deya e‘lon qilishgandi.

Britaniya Ichki ishlar vaziri Tereza Mey 51 yoshli da‘vatchining qamoqdan chiqarib yubormaslikni talab qilmoqda.

Unga ko‘ra, Iordaniya Abu Qatadaga nisbatan qiynoq qo‘llamaslikka va‘da bergunga qadar u qamoqda ushlab turilishi kerak.

Strasburg mahkamasi qaroriga muvofiq, Britaniya Iordaniya bilan mahbuslarni almashish haqida bitim imzolagan esa-da, Qatada Iordaniyaga deportatsiya qilinsa, noinsoniy munosabatga yuz tutishi mumkin.

Iordaniyada ikki mahkama Abu Qatadani sirtdan terrorizmda aybdor deb topgan.