Qirg‘iziston: Yana 70 bolaga VICh yuqtirilgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Yangi raqamlar bilan Qirg‘izton janubida VICh virusi yuqtirib qo‘yilgan bolalarning soni qariyb 300 taga yetgan

Qator G‘arb nashrlarining qirg‘izistonlik mulozimlarga tayanib xabar berishlaricha, mamlakat janubidagi kasalxonalarda yana yetmishta bolaga bilmasdan VICh virusi yuqtirib qo‘yilgan.

So‘nggi raqamlar Qirg‘iziston janubida 110.000 dan ortiq bolani tekshirish ortidan aniqlangan.

Tibbiy tekshiruv ishlari 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘tkazilgan.

Yaqinda qirg‘izistonlik mas‘ullar O‘sh va Jalol-Obod atrofida yashovchi minglab bolalarni maxsus tekshiruvdan o‘tkazishga kirishishgandi.

Bunga o‘tgan o‘n yil ichida mahalliy kasalxonalardagi gigiyenik ahvolning yomonligi, infektsiya tushgan qondan foydalanish, ignalar va boshqa tibbiyot uskunalarini takroriy ravishda qo‘llash natijasida o‘nlab bolalarning VICh virusiga chalinganliklari aniqlanishi sabab bo‘lgandi.

So‘nggi raqamlar bilan Qirg‘iziston janubida OITS xastaligi virusini yuqtirgan bolalar soni 270 taga yetgan.

Qirg‘iziston janubida VICh virusiga sinovdan o‘tishi kerak bo‘lgan bolalarning soni hali minglab ekani aytiladi.

O‘ndan ortiq tibbiyot xodimlari loqaydliklari oqibatida yuzlab bolalarga VICh virusini yuqtirib qo‘yishda ayblanishmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimi

Ammo Birlashgan Millatlarning UNICEF Bolalar jamg‘armasiga ko‘ra, mazkur holatga alohida bir shifokor yoki hamshira emas, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi aybdordir.

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sanaladi.

Agar Jahon Bankining so‘nggi hisob-kitoblariga qaralsa, 2009 yilda Qirg‘izistonda sog‘liqni saqlash tizimida kishi boshiga 59 AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan, xolos.

"Qo‘shni Qozog‘iston misolida ushbu xarajatlar olti marotaba ko‘p, Britaniyada esa, ayni mablag‘ning miqdori kishi boshiga 3.285 AQSh dollarini tashkil etadi", deb yozadi Britaniyada chop etiluvchi The Telegraph nashri.

Xorijiy yordam

Shu yil yanvar oyida Qirg‘iziston janubidagi VIChga chalingan bolalarga amaliy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Slovakiyadan bir guruh shifokorlar yetib kelishgandi.

Guruh uch kun ichida VIChga chalingan bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni davolash uchun O‘sh, Botken va Jalol-Obod viloyatlariga safar qilishni rejalagandi.

Xasta bolalardan aksariyatining o‘shliklar ekanliklari aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, ikki o‘rtada erishilgan kelishuvga muvofiq, kelasi olti oy davomida, ya‘ni toki bemor bolalar o‘zlarini o‘nglab olgunlariga qadar, slovakiyalik bir shifokor va hamshira Qirg‘izistonda qolishadi.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas‘ullariga ko‘ra, ular mahalliy shifokorlarga VIChga chalingan bolalarga qanday amaliy yordam ko‘rsatishni o‘rgatishadi.

Norozilik

So‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda VIChga chalingan bolalarning yaqinlari bilan shifokorlar o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgandi.

Farzandlariga to‘rt yil avval turli kasalxonalarda VICh yuqtirilgan bir guruh onalar shifokorlarning qamalishini va davlat tomonidan o‘zlariga kattaroq tovon puli to‘lanishini talab qilishmoqda.

Onalar o‘zlariga o‘sha paytda berilgan tovon pulini "haqorat" deya tasvirlashgan.

Tibbiyot xodimlari esa, o‘zlarining aybdor emasliklarini aytib, yuqumli kasallikning tarqalishiga sog‘liqni saqlash muassasalaridagi yomon sharoitlar va moliyaviy yetishmovchiliklar sabab deyishadi.

Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari bilan solishtirganda, Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash sohasiga eng kam mablag‘ ajratadi.

Shu bois, qirg‘iz hukumati shu kungacha jabrdiydalarning talablarini qondirishga muvaffaq bo‘lgan emas.

Ammo Qirg‘iziston parlamenti bolalar orasida VICh virusining tarqalishida aybdor shifokorlarning qattiqroq jazolanishiga va‘da bergan.

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlash joizki, o‘sha paytda shifokorlardan 35 nafarining ham o‘zlariga VICh virusi yuqtirib olishgani aniqlangan.