Putin Rossiyada siyosiy mahbuslar yo‘q deb hisoblaydi

Image copyright AP
Image caption Rossiya Bosh vaziri mamlakatda siyosiy mahbuslar yo‘q, deb hisoblaydi...

Rossiya Bosh vaziri va prezidentlikka nomzod Vladimir Putin Rossiyada siyosiy mahbuslar yo‘q deb hisoblaydi.

"Bizda, menimcha, siyosiy mahbuslar yo‘q, Xudoga shukr. Lekin bu haqda familiyalarni keltirmasdan doimo gapirishadi, - dedi Putin siyosatshunoslar bilan uchrashuvi chog‘ida. – Siyosiy qarashlari uchun o‘tirgan, hech bo‘lmasa, bitta odamni ko‘rsatsinlar".

Putin so‘zlariga ko‘ra, ba‘zi muxolifat faollarini "15 kunga olib ketishgan, ammo ular allaqachon ozod etilganlar".

Bosh vazir fikriga ko‘ra, Rossiyada bugungi kunda o‘z huquqlari uchun qamoqda o‘n yillab o‘tirishga qodir bo‘lgan, misol uchun, Nelson Mandela singari haqiqiy kurashchilar yo‘q.

"Agar bir insonni qora tanlilar huquqlari uchun kurashgan Nelson Mandela singari 10-20 yilga qamab qo‘yishganlarida edi... Bizda unaqalar yo‘q ", - dedi janob Putin.

Shanba kuni Moskvada o‘tgan yurish tashkilotchilari rus muxolifati ozod etilishini talab qilgan siyosiy mahbuslar ro‘yxatini Kremlga olib borish qarorini olganlar.

Ro‘yxatda YuKOS shirkatining sobiq boshlig‘i Mixail Xodorkovskiy, uning ish sherigi Platon Lebedev, shuningdek, "Boshqa Rossiya" faollari Taisiya Osipova va Igor Berezyuk hamda boshqa mahbuslar doxil 40 inson nomi keltirilgan.

Axborot qamali

Siyosiy mahbuslar ro‘yxati shanba kungi muxolifat yurishi chog‘ida e‘lon qilingandi.

Dekabr oyida parlament saylovlari bo‘lib o‘tganidan buyon muxolifat tomonidan uyushtirilgan namoyishlarda siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi ilgari suriladi.

Ro‘yxat Putin siyosatshunoslar bilan uchrashayotgan bir paytda Kremlga berilishi kerak edi, biroq, jurnalist Olьga Romanovaning Interfaksga xabar berishicha, u yanada to‘ldirilib, shu hafta oxiriga qadar rasmiylar qo‘liga topshiriladi.

Uning aytishicha, ro‘yxatga yana "ekstremizm"da ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan 20 nafar muxolifatchi nomi kiritiladi.

YuKOS shirkati sobiq rahbarining advokati Vadim Klyuvgant Rossiya Bosh vaziri so‘zlarini sharhlar ekan, Vladimir Putinning samimiyligiga shubha qilishini aytdi.

"Butun mamlakat biladiki, bizda bunday odamlar bor va ular nomma nom keltirilgan. [...] U yo boshqa mamlakatni nazarda tutayapti yoki axborot qamalida qolib ketgan...", - dedi Klyuvgant Interfaks agentligiga.