"O‘zbekistonda baxtsizlardan ko‘ra, baxtiyorlar ko‘p"

Image caption So‘nggi so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, O‘zbekistonda aholining bor-yo‘g‘i 2 foizi o‘zini "baxtsiz", deb his etarkan

Amerikaning Gallup xalqaro omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan olib borilgan yangi so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, O‘zbekistonda o‘zini baxtli hisoblovchi insonlarning soni "baxtsizman", deganlaridan bir necha o‘n barobar ko‘p ekan.

Ya‘ni, so‘rovda xulosa qilinishicha, O‘zbekistonda "baxtlilar"ning soni 65 foizni tashkil etgan bir paytda, "baxtsizlari" bor-yo‘g‘i 2 foiz ekan.

Bu so‘rovda ishtirok etgan sobiq MDH davlatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

Yangi so‘rov dunyoning 58 davlatida 45 ming kishi orasida olib borilgan.

Gallup olib borgan tadqiqotlarga qaralsa, dunyodagi baxtli odamlarning soni ham baxtsizlarinikidan kamida to‘rt barobar ko‘proq ekan.

Ayon bo‘lishicha, Yer yuzi aholisining yarmidan ortiqrog‘i o‘zlarini baxtiyor hisoblashgan bir paytda, bor-yo‘g‘i 13 foizi "baxtsiz" ekan.

Qo‘shni Qozog‘istonda esa, o‘z hayotidan mamnun bo‘lgan insonlar soni 40 foizga yetar-etmas, umidsizlariniki esa, 8 foiz bo‘lib chiqibdi.

Shuncha tabiiy zaxiralarning ustida o‘tirganiga qaramay, aholisining baxtiyorligi bo‘yicha Rossiya 58 ta davlat ichida 40-o‘rinda ekan.

O‘zlarining baxtsiz yoki baxtli ekanliklarini bilmagan insonlar (42 foiz) soni bo‘yicha ham, Rossiya so‘rov ishtirokchilari orasida yuqori o‘nlikka kirgan.

Markazning "Dunyodagi umid va umidsizlik darajasi"ni aniqlashga qaratilgan so‘nggi so‘rovi o‘tgan yilning oktyabr-dekabr oylari oralig‘ida o‘tkazilgan.

Baxtiyor odamlar

Image copyright AFP
Image caption Agar so‘rov natijalariga qaralsa, Nigeriya aholisining 90 foizga yaqini baxtli ekan

Uni, buni qo‘ying-ku, Yer yuzidagi eng baxtli odamlarning yashash jo‘g‘rofiyasi hammadan ham qiziq bo‘lib chiqibdi.

Dunyoning eng baxtli davlatlari beshligini Fiji boshlab bergan bir paytda, undan keyingi o‘rinlarni Nigeriya, Gollandiya, Shveytsariya va Gana egallashgan.

Deylik, Fiji va Nigeriyada odamlarning qariyb 90 foizi o‘zlarining baxtiyor ekanliklarini aytishgan.

Bu esa, baxt faqat odamlarning hayot darajasi, daromadi yoki shaxsiy yutuqlariga bog‘liq emasligini ko‘rsatgan.

Sotsiologlarning xulosa qilishlaricha, baxtlilik darajasi - u yoki bu xalqning madaniy o‘ziga xosligiga bog‘liq ekan.

Ular shuncha tadqiqotlari ortidan ham, odamlarni nima baxtli qilishini anglab yetmaganliklarini ham tan olishibdi.

Ayon bo‘lishicha, so‘rov yuzma-yuz yoki telefon orqali olib borilgan suhbatlar va onlayn-so‘rov natijalariga asoslangan.

Ammo

Image caption Ammo so‘rov natijalari borasida ayrim sotsiologlar boshqacha fikrda

Yangi so‘rov natijalariga munosabat bildirarkan, o‘zbekistonlik sotsiolog Alisher Ilhomov ularni ishonchga loyiq, deb bilmasligini aytadi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ekani chog‘ida 10 yil davomida bu kabi sotsiologik so‘rovlar olib borish bilan shug‘ullangan va turli xalqaro shirkatlar, tashkilotlarning buyurtmasini bajargan.

Sotsiolog o‘z tajribasidan kelib chiqib, sof metodologik nuqtai nazardan bu kabi miqdoriy so‘rovlarni mutlaq haqiqat deb qabul qilib bo‘lmasligini ta‘kidlaydi.

"Deylik, Amerika va Ovro‘poda hamma uchun birdek qilib ishlab chiqilgan so‘rovnoma O‘zbekistonda boshqacha yangraydi", deydi u.

"Milliy o‘ziga xosliklar, mahalliy ijtimoiy sharoit va milliy ruhiyat bu kabi standart savollarning javoblariga judayam katta ta‘sir ko‘rsatadi".

"Shuning uchun ham, men o‘z ish tajribamdan kelib chiqib, bu kabi miqdoriy so‘rov natijalariga doimo shubha bilan qaraganman", deydi o‘zbekistonlik sotsiolog. - "Chunki bu kabi tadqiqot usuli faqat kamdan-kam hollardagina haqiqiy vaziyatni aks etdiradi".

Unga ko‘ra, masalaning ikkinchi tomoni - bu kabi so‘rovning O‘zbekistonda qay tariqa olib borilgani bilan bog‘liq:

"Norinj inqiloblari va Andijon voqesidan keyin, O‘zbekistonda bunga o‘xshash so‘rovlar ustidan keskin nazorat o‘rnatilgan. Kichik masshtabda va kam sonli odamlar orasida so‘rovlar o‘tkazish mumkindir, ammo butun mamlakat bo‘ylab bu ishni qilish amalda juda qiyin. Shu sababdan ham, xalqaro agentliklar butkul davlat nazorati ostida bo‘lgan omma fikrini o‘rganish markazlariga murojaat etishadi. Ular esa, odatda ijobiy ma‘lumotlarni taqdim etishadi", deydi u.

O‘zbekistonlik sotsiologga ko‘ra, so‘rovlar qay bir markaz tomonidan o‘tkazilgan bo‘lmasin, ularning mahalliy huquq-tartibot idoralarining kuzatuvi ostiga tushishlari ehtimoli ham yo‘q emas.

Uchinchi jihati esa, O‘zbekistonda so‘z erkinligi yo‘qligi bois, odamlar ko‘chada boshqa, uyda boshqa gapni aytishadi, deb davom etadi sotsiolog.

"So‘rovlar uyma-uy yurib o‘tkazilgani bois, odamlar birov eshitib qolmasmikan, degan xavotirda bo‘lishadi. Shuning uchun ham, savollarga javob berarkan, ular targ‘ibot-tashviqot gaplariga asoslanishadi. Targ‘ibot va tashviqotlarda esa, odamlarning mamnun va baxtiyor ekanliklari aytiladi. Bir og‘iz so‘z bilan aytganda, odamlar mavjud sharoitga moslashishadi".

O‘zbekistonlik sotsiologning o‘z o‘rnida qo‘shimcha qilishicha, oila deyarli barcha o‘zbeklarning hayotida muhim o‘rin tutgani bois, hamma narsaga shundan kelib chiqib baho berishadi.

"Agar ular oilada baxtli bo‘lishsa, baxtliman deb aytishadi. Yana o‘zlarining oilaviy muhitlarini jamiyatdan ayri tutishadi...".