O‘zbekiston: qorong‘u va sovuq uylarda odamlar nima bilan mashg‘ul?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonning ko‘p hududlarida, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarida qattiq sovuq va qor ko‘pligidan maktablar yopilgan.

Ba‘zi hududlarda dushanba va seshanba kunlari yopiq bo‘lgan maktablar bugun havoning sal isishi bilan qayta ochilgan.

Maktabda sovqotmayotgan o‘quvchilar uyda sovqotishlariga to‘g‘ri kelayapti, chunki elektr va gaz uzilishlari davom etmoqda. Ba‘zi viloyatlarda esa biri bo‘lsa ikkinchisi yo‘q.

Image copyright Umida Ahmedova

Qashqadaryoda elektr ta‘minoti yo‘lga qo‘yilgan, lekin gazdan darak yo‘q. Vodiyda esa ko‘pchilik ikkisidan ham quruq qolayapti. Ba‘zi joylarda ichimlik suvi ham taqataq to‘xtagan.

O‘tin yoqib va sham atrofiga yig‘ilib kun ko‘rayotgan ba‘zi farg‘onaliklar vaziyatni tosh asri deya baholashgan.

Rasmiylar esa odamlarga bu taqchilliklarni izohlamaydi. Mahalliy hukumatlar avvaliga maishiy to‘lovlarni to‘lamagan aholini ayblagan bo‘lsa, endi taqchillikni to‘la tan olib, o‘tin yig‘ishni yoz oylaridan beri maslahat berib kelganini ro‘kach qilmoqda.

Ho‘sh bu vaziyatda xalq qanday kun ko‘rayapti?

Image caption Qo'shni Tojikistonliklar ham sovuqdan aziyat chekishmoqda

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida maishiy xizmatlaridagi uzilishlarni yaqindan o‘rgangan faol Bahodir Eliboyevning aytishicha, xalq "otasi qilgan ishni qilayapti - sham yoqayapti".

"Odamlar dardini bir-biriga aytib, hasratlashib, bu kunlar ham o‘tib ketib qolar deb bir-birini ovuntirib o‘tiribdi. Choyxonalarda odamlar, "juda svetni ezvordiya" deb gapirishayapti", - deydi u.

Qarshilik inson huquqlari faoli Nodir Ahatovning aytishicha, "e‘tibordan chetda qolgan" Chiroqchi, Dehqonobod, Mirishkor tumanlarida ahvol juda og‘ir. "Sutkasiga ikki soat beradi yo bermaydi", - deydi u.

"Bilasizmi, o‘zbek xalqining bir xarakteri borki, sizga dardini aytsa va uning uchun kimdir chetdan yugursa, lekin o‘zi hech narsa qilmasa... Prezidentimizga rahmat deydi. Bu xalq odam bo‘ladimi? Sabr kosasi to‘lsa, u o‘zini o‘zi o‘ldiradi, lekin bir joyga "nimadir yo‘q" degan gapni olib chiqolmaydi", - deydi u.

Bahodir Eliboyev ham uning so‘zlariga qo‘shiladi.

"Rostdan ham, hech narsa o‘zgarmaydi. Mana Rishtonda o‘zini osib o‘ldirdiyu. E‘tiroz bildirishning boshlanishi shu", - deydi u.

Suhbatning to‘la audioversiyasini tinglang.