"Ovro‘po ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishi kerak..."

Image copyright AFP
Image caption "G‘arb ko‘rpasiga qarab oyoq uzatsin..." Doktor Mahathir Muhammad

Yillarki, G‘arb Sharqni iqtisodini qanday qilib idora qilish haqida o‘rgatib keldi. Ortiq bunday emas.

Endilikda Osiyoning kuchga to‘layotgan mamlakatlari Ovro‘po, Amerika va Yaponiyaning qarzga botgan iqtisodlaridan farqli o‘laroq, anchayin sokin, bardavom yuksalishi bilan farqlanib turadi.

Xo‘p, G‘arb Sharqdan nimani o‘rganishi mumkin?

Malayziyaning sobiq Bosh vaziri Mahathir Muhammadga ko‘ra, aytiladigan gap oddiy va jo‘n. Ammo juda achchiq bir gap. Ovro‘po yangi iqtisodiy reallikka "ko‘zini ochib" qarashi kerak.

"Ovro‘po...ancha pul yo‘qotdi. Endi u kambag‘al bo‘lishi kerak, o‘tmishiga nisbatan kambag‘al..." deydi sobiq Bosh vazir BBC Jahon Xizmati bilan suhbatda.

"Osiyoda biz ko‘rpaga qarab oyoq uzatishga o‘rganib qolganmiz, kambag‘al kambag‘alday yashaydi...Ovro‘po Osiyodan shuni o‘rgansa bo‘ladi".

Ko‘rib ko‘rmaslik...

Doktor Mahathir bu kabi fikr aytishga haqlidir.

Agar Osiyoda biror bir rahbar o‘z mamlakatini obod qilib qo‘yib gapirish haqqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu Doktor Mahathirdir.

Yigirma yil qudratda bo‘lgan davrida Doktor Mahathir Malayziyani g‘aflatda yotgan sobiq mustamlaka davlatdan rostakamiga Osiyoning iqtisodiy "yo‘lbarsiga" aylantira bildi.

Ammo Ovro‘po poytaxtlarida uning maslahatini hech kim jon qulog‘i bilan eshitmaydi.

Doktor Mahathirning ishonicha, Ovro‘po rahbarlari "ko‘zlarini ko‘rlikka" solishmoqda.

"Siz pul yo‘qotdingiz. Kambag‘alsiz".

"Yana pul chop qilib muammoni hal qilolmaysiz. Pulni faqat chop qilish bilan ish bitmaydi. Pul yaxshi iqtisod va yo oltindan quvvat oladi”.

Doktor Mahathir 86 yoshda. Ammo hamon qarashlarida qat‘iy va dadil.

Ayniqsa, u G‘arb va Ovro‘po o‘z iqtisodlarini qayta qurish yo‘lida qattiq va uzoq harakatni boshlashlari, hamda moliya sektoriga qaramlikdan qutilishlari shart ekaniga ishonadi.

"Menimcha, Ovro‘po haqiqiy biznes qilishga qaytishi kerak. Mahsulot ishlab chiqarishi, xizmatlarni yo‘lga qo‘yishi va savdoni tiklashi kerak. Faqat banklarda raqamlar to‘la hisoblarni unisidan bunisiga o‘tkazish bilan ish bitmaydi. Siz esa faqat shuni qilmoqdasiz", deydi Malayziyaning sobiq Bosh vaziri.

U hamon valyuta savdosini yoqtirmaydi. Aynan shu savdo o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillar oxirida Osiyo moliyaviy inqirozi davrida Malayziya iqtisodiga katta zarar yetkazdi deb ishonadi.

"Valyuta tovar emas", deydi u

"Mana qahva sotsangiz...uni maydalab, tayyorlab so‘ng mahsulot sifatida iste‘mol qilasiz...Ammo valyuta...Uni maydalab boshqa bir narsaga aylantirib bo‘lmaydi. Bu faqat bank kitoblaridagi raqamlar va faqat o‘sha yerda savdo qilishingiz mumkin. Ammo valyuta va raqamlar ortida mahsulot bo‘lishi kerak. Ana shundan keyin esa qonuniy pul topasiz".

Doktor Mahathirning "achchiq haqiqati"

Image copyright AFP
Image caption Ovro‘po "haqiqiy biznesga" qaytishi kerak

Ammo Ovro‘po Doktor Mahathir maslahatiga quloq osadigan bo‘lsa ham sog‘lom iqtisodiy zamonga qaytishi uchun hali ancha ter to‘kishi kerak bo‘ladi.

"Yana o‘z boyligu farovonligingizni tiklayman desangiz, hali ancha ter to‘kishingiz kerak. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va mahsulotni sotish hamda Sharq mamlakatlari bilan bellasha oladigan darajaga yetishingiz kerak", deydi u.

Uning ishonicha, Ovro‘polik ishchilar samarasiz va ularga to‘lanadigan haq ham keragidan ortiqdir.

"Siz o‘z ishchilaringizga juda kam mehnat uchun juda ko‘p maosh to‘laysiz", deydi sobiq Bosh vazir.

"Shuning uchun sotishga arzigulik hech narsa chiqarmas ekansiz, "shohona" yashashni kutmang".

Doktor Mahathir o‘z fikrlarining ancha keskin ekanini biladi. Kuladi va “ yodingizda bo‘lsa, Ovro‘podan bunaqa keskin fikrlarni eshitishga biz ko‘nikib qolgandik, “deb so‘raydi.

"Bu dakkilardan nima naf bo‘ldi? Albatta, ba‘zida bizning valyutamizga daxl qildingiz va biz qashshoqroq bo‘ldik. Bir birimizdan o‘rgandik. Avval biz sizga, Ovro‘poga qarardik, bugun esa menimcha, Ovro‘poning oz bo‘lsa ham Sharqqa qaraydigan vaqti keldi".