Nurlangan ko‘mirlarning O‘zbekistonga o‘tish xavfi bormi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qirg‘izistonda qo‘shni Qozog‘istondan sotib olingan bir necha ming tonna radioaktiv ko‘mir atrofida bahsu munozaralar qizigandan qizirkan, O‘zbekiston tomoni bu kabi nurlangan ko‘mirlarning o‘zlariga o‘tib qolish xavfi deyarli yo‘qligini aytmoqda.

O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Husainovga ko‘ra, katta miqdordagi zaxiralariga ega bo‘lgani bois, mamlakatning qo‘shni davlatlardan ko‘mir sotib olishga ehtiyoji yo‘q.

Image copyright b
Image caption Qirg‘izistonda radioaktiv ko‘mirdan muayyan qismining allaqachon ishlatib bo‘lingani ham aytilmoqda

Qirg‘izistonda esa, yetti hukumat mulozimi katta miqdordagi radioaktiv ko‘mirni mamlakatga keltirishga izn berish, maktablar, bolalar va qariyalar uylariga tarqatish ayblariga yuz tutishmoqda.

Qirg‘izistonning davlatga qarashli energiya shirkati sotib olgan 9.000 tonnaga yaqin ko‘mirning qanday qilib nurlanib qolgani sababi ma‘lum emas.

Mahalliy olimlar ko‘mirdan chiqayotgan radiatsiya miqdori insonlar uchun halokatli miqdorda emasligi va undan foydalangan insonlarda biror bir xastalik alomatlari ko‘zga chalinmaganini aytishmoqda.

Lekin, shunga qaramay, ushbu hodisa Qirg‘iziston siyosiy doiralarida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotir.

Muxolif siyosatchilar bunga kim mas‘ul ekani masalasida bir-birlarini ayblashga tushib ketishgan.

Xabarlarga ko‘ra, ikki davlat energiya shirkatlari orasidagi muzokaralar ortidan, Qozog‘iston Qirg‘izistonga sotgan ko‘mirini qaytarib olishga rozi bo‘lgan.

So‘nggi yillarda mintaqaning aksariyat davlatlaridagi gaz taqchilligi bilan bog‘liq muammolar aholi katta qismining qish mavsumida ko‘mirdan foydalanishga o‘tishlariga sabab bo‘lgan.

Chegaraosha savdo

O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Husainov tujjorlar tomonidan qo‘shni Qozog‘iston yoki Qirg‘izistondan radioaktiv ko‘mirlarning noqonuniy yo‘llar bilan O‘zbekistonga olib o‘tilishi ehtimolini ham nazardan soqit etadi.

Tahlilchi xalqaro narkotrafikka qarshi kurash dasturi doirasida O‘zbekiston o‘ziga qo‘shni barcha mintaqa davlatlari bilan chegaralarini mustahkamlab olgani, ko‘p joylari minalashtirilgani, Qozog‘iston, Rossiya va Belarusning iqtisodiy ittifoqqa kirishi sabab, chegaralar nazorati yanada kuchayayotgani bunday xulosa chiqarishga asos berishini ta‘kidlaydi.

Anvar Husainov mavjud ilmiy ma‘lumotlarga tayanib, deylik, yaqinida uran konlari joylashganiga qaramay, O‘zbekistondagi eng yirik Angren ko‘mir koni sog‘lom ko‘mir konlaridan biri hisoblanishini ta‘kidlaydi.

U Toshkent viloyati poytaxtga yaqin bo‘lgani uchun ham, ekologlar tomonidan bu masalaga juda katta e‘tibor beriladi, deydi.

Tahlilchiga ko‘ra, shu paytgacha O‘zbekistonda ko‘mir konlarining nurlanishiga oid birorta ham holat qayd etilmagan.

Ammo Anvar Husainov Qirg‘izistonda yuz bergan hodisa tashvishli bir signal ekanini ham ta‘kidlaydi.

Tahlilchi ko‘p joylarda kimyoviy dorilarning katta-katta "mozor"lari qolib ketgani, qirg‘iz hukumati xalqaro tashkilotlarning ko‘magisiz, yadroviy chiqindixonalar xavfsizligini ta‘minlashga qodir emasligini nazarda tutib, ushbu masalada judayam katta xavf borligini rad etmaydi.

Muqobil yoqilg‘i

Anvar Husainov O‘zbekistonning bugungi va uzoq kelajakdagi umidlari ulkan toshko‘mir konlarini ishga tushirish, ulardan unumli foydalanish bilan bog‘liq ekanini aytadi.

Mahalliy va xalqaro ekspertlar esa, shundoq ham neft zaxiralari ko‘p bulmagan O‘zbekistonda yaqin yillar ichida borining ham asta-sekinlik bilan kamayib borishi muammosiga e‘tibor qaratishadi.

O‘zbekistonlik tahlilchi mavjud vaziyatni nazarda tutib, ko‘mirdan foydalanishni kuchaytirish lozim, degan fikrda.

"Aholini o‘z vaqtida yetarli miqdorda arzon ko‘mir bilan ta‘minlab, ko‘mir asosida ishlaydigan pechkalarni ishga tushirib, odamlarga ko‘mirdan foydalanishning xavfsizlik qoidalarini o‘rgatib, ko‘mirdan sun‘iy benzin ishlab chiqarish darajasiga chiqish kerak", deydi u.

Kuzatuvchilar gazini asosan chetga sotayotgan O‘zbekiston aholisi bu yil qahraton sovuq va zulmat ichida qolganini aytishadi.

Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan Britaniya Armiyasi sobiq zobiti mahalliy nasharlardan biriga, "Gaz taqchilligi odamlarni jonidan to‘ydirgani, elektr energiyasining yetishmasligi, benzinga navbatga turishlardan bezor bo‘lganliklari"ni hikoya qilib bergan.

Aynan qahraton qishda gaz va yoqilg‘i mahsulotlari taqchilligini O‘zbekistonda odamlarning, hatto, mevali daraxtlarini ham kesib, o‘tin qilib yoqishlariga sabab bo‘layotganiga oid xabarlar ham oz emas.