Joanna Lillis: "Qozog‘iston mintaqaviy lider bo‘lishni istasa, qo‘shnilariga ko‘proq e‘tibor berishi kerak"

Image caption Joanna Lillis ko‘p yillardan beri Markaziy Osiyoda yashab keladi.

BBC mehmoni - Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist Joanna Lillis.

Angliyalik jurnalistning Qozog‘iston haqidagi maqolalari va xabarlari Independent va Gardian gazetalari, hamda eurasianet.org sayti orqali uzatiladi. U, shuningdek, Al-Jazira telekanali bilan hamkorlik qiladi.

Jurnalistning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng barqaror va farovon sanalgan Qozog‘iston noodatiy siyosiy notinchliklarni boshidan kechirmoqda.

Joanna Lillis o‘tgan dekabr oyida Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida norozi neftchilar va qo‘shinlar orasida yuz bergan to‘qnashuvlar ortidan hukumat qo‘shinlari o‘qlaridan jarohat olgan odamlar bilan uchrashgan ilk mustaqil jurnalistdir.

Uning yaralangan neftchilar va oddiy odamlarga to‘la Janao‘zen kasalxonasidan uzatgan xabarlari orqali jahon hamjamiyati Qozog‘istondagi qonli voqealar haqida ma‘lumotga ega bo‘ldi.

U bugunda Qozog‘istonda siyosiy muxolifat, faollar va Prezident Nazarboyevni tanqid qiluvchi matbuotga qattiq bosim o‘tkazilayotganini aytadi.

Joanna Lillisning aytishicha, bir necha haftadirki Prezident Nursulton Nazarboyev o‘ta yomon kayfiyatda ko‘rinadi. "U o‘zini burchakka tiralgandek his qilmoqda", - deydi u.

Jurnalistning tahliliga binoan, Nazarboyevning siyosiy imidjiga katta dog‘ tushdi, shunday ekan u bunday vaziyatda lavozimni tashlab ketmaydi.

Ayni damda, unda qudratni kimga me‘ros qilib qoldirish muammosi paydo bo‘lgan.

"Muxolifatni bu kabi yirik ko‘lamda bosim ostiga olish katta xatodek ko‘rinmoqda - uch yirik muxolifat rahbarining hibsga olinishi xalqaro matbuotda bosh sarlavhalarga aylandi. Qozoq ma‘muriyati vahimaga tushgan ko‘rinadi", - deydi Joanna Lillis.

28 yanvarda o‘tgan aksilhukumat namoyishda 500dan ortiq qatnashchilar Janao‘zen qurbonlarini xotirlab duo qilishgan, lekin tadbir oxirida muxolifat rahbarlari hibsga olingan.

3 fevralda yosh faol Janbolot Mamay ijtimoiy notinchliklarni keltirib chiqarishga urinishda ayblangan va 12 yillik qamoq jazosiga yuz tutayotir.

Vzglyad gazetasining bosh muharriri Igorь Vinyavskiy go‘yoki 2010 yilda davlat to‘ntarishiga chaqirgani uchun o‘tgan oy qamoqqa olingan.

Image caption Joanna Lillis qozoq siyosatidagi pastu balandliklarni foto va videolavhlari bilan ham yoritib keladi

Alga partiyasining rahbari Vladimir Kozlov ham o‘xshash ayblar bilan panjara ortida qolayotir.

Joanna Lillis sahifamiz o‘quvchilari savollariga javob berdi.

BBC mehmoni Joanna Lillisga savolim bor: 20 yildan beri barqaror bo‘lgan Qozog‘istonda so‘nggi paytlarda bo‘layotgan hodisalar nega boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida kuzatilmayapti? Bu qozoq xalqining siyosiy faolligi oshganidanmi yoki tashqi kuchlarning o‘yinimi? Axir Markaziy Osiyodagi eng farovon davlat Qozog‘iston-ku. Qozog‘istondagi voqealarni arab bahoriga o‘xshatish mumkinmi? Javob uchun oldindan rahmat! Abdulla Azimov, Denov, O‘zbekiston

Lillis: Bu yaxshi savol. Qozog‘istonda odamlar o‘tgan bir necha yillarga qaraganda siyosiy jihatdan faolroq bo‘la boshlaganlariga dalil-isbot bor. Buning bir isbotini dekabrda Janao‘zen shahrida yuz bergan zo‘ravonliklarga yetaklagan yetti oylik voqealarda ko‘rishimiz ham mumkin. Lekin, boshqa tomondan qaralsa, bu voqealarga avvalambor siyosiy emas, balki iqtisodiy omillar turtki bergan. Mahalliy va markaziy hokimiyat, hamda neft shirkatlarining yomon boshqaruvi tufayli iqtisodiy masala siyosiy masalaga aylanib ketdi deyish ham mumkin. Bir narsani nazarda tutish darkor, Janao‘zendagi zo‘ravonliklar 17 kishining o‘limiga sabab bo‘lsada, butun Qozog‘iston bo‘ylab odamlar bu voqealardan ta‘sirlandi deb ayta olmaymiz. Janao‘zen yo g‘arbiy Qozog‘istonda yashamaydigan odamlarning siyosiy ruhlanganlarini ko‘rmadim. Lekin, siyosiy muxolifat ruhlandi. Yanvarda o‘tgan parlament saylovlari ortidan, kichik bo‘lsada, norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Muxolifat o‘tgan yillarga qaraganda ancha birlashgan va faollashgan ko‘rinadi. Tashqi kuchlarga kelsak, buni aniq aytish hali ham qiyin. Janao‘zendagi favqulodda vaziyat holati atigi o‘tgan hafta bekor qilindi. Xolisona ma‘lumot olish qiyin bo‘layapti. Qozoq hukumati tashqi kuchlarni ayblayapti, ayniqsa ro‘yxatdan o‘tmagan Alga (Olg‘a) partiyasi nishonga olinayapti. Alganing a‘zolari neftchilarni gijgijlab, zo‘ravonlik keltirib chiqarishda ayblanayapti. Shunday ekan, albatta, hukumat tashqi kuchlarni ayblashga moyil. Lekin, dalil-isbotga qaralsa, Janao‘zendagi ichki noroziliklar oxir-oqibat notinchlikka yetaklagan.

BBC: Tashqi kuchlar deganda, qozoq hukumati kimni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin?

Image copyright Joanna Lillis
Image caption Jurnalistga ko‘ra, Janao‘zen yashovchilari qozoq iqtisodiga shuncha hissa qo‘shayotgan bo‘lishsada yetarli tarzda rag‘batlantirilmayotganlaridan norozilar.

Lillis: Umuman olganda, ochiq ishora berishayapti. Rasmiy bayonotlarga qarasak, menimcha, ular xorijiy kuchlarni emas, balki xorijdagi qozoq kuchlarini nazarda tutishayapti. Masalan, ro‘yxatdan o‘tgan Alga partiyasi Londonda yashaydigan Muxtor Ablyazovga aloqasi borligi Qozog‘istonda hammaga ma‘lum. Ablyazov Prezident Nursulton Nazarboyevga muxolif bo‘lgan siyosatchi. Alga partiyasining rahbari Vladimir Kozlov 23 yanvardan beri hibsda ushlab turilibdi. U Janao‘zenda ijtimoiy notinchliklarni keltirib chiqarish aybiga yuz tutayotir. U hali rasman ayblanmadi, lekin ayblansa, bu degani Nazarboyev ma‘muriyati "tashqi kuchlar" deya Alga ortida turgan Londondagi Muxtor Ablyazovni nazarda tutayotganlari aniq bo‘ladi... Alganing boshqa faollari ham hisbga olingan. Hatto Janao‘zenda bo‘lmagan a‘zolari ham u yerda zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda ayblanmoqda.

Assalomu alaykum, mening savolim quyidagicha: Siz Janao‘zenliklar bilan suhbatda bo‘libsiz, aytingchi janao‘zenliklar ko‘proq nimadan norozi? Saylovlarning nodemokratik o‘tganidanmi, yoki maoshlarning kamligi va hokimiyatning o‘zboshimchaligidanmi? Ilxom, O‘zbekiston

Lillis: Bu ham yaxshi savol. Bir narsani ushlab, mana shu narsa sababchi edi deyish juda qiyin, chunki o‘tgan davr ichida Janao‘zenda juda ko‘p voqealar yuz berdi. Eng avvaliga odamlar maoshlari va turmush sharoitlaridan norozi edilar. Lekin, bu mehnat tortishuvi juda katta muammoga aylanib ketdi. Chunki, odamlar ularning dodiga hech kim quloq tutmayotganlaridan shikoyat qila boshlashdi. Yara yanada yiringlashda davom etdi. Neftchilar o‘zlarini butkul o‘z hollariga tashlab qo‘yilgandek sezishdi. Saylovga kelsak, o‘tgan saylov o‘tganidan beri men Janao‘zenga borganim yo‘q. U yerda noroziklar boshlanganda saylov yo siyosiy ahvol sabab bo‘lmagan. O‘tgan oy favqulodda vaziyat ostida o‘tgan va muxolifatga hech qanday yangi qudrat bermagan saylovga endi janao‘zenliklar qanday qarashayotganlarini aytish qiyin. Milliy hukumatning bu saylov bilan o‘z qudratini tasdiqlashi, menimcha, G‘arbiy Qozog‘iston va Janao‘zendagi odamlarni mamnun qilmaydi.

BBC: Janao‘zen shahridan qanday taassurot oldingiz? Neftchilar juda abgor sharoitlarda yashagani haqida xabarlar bo‘ldi, shu to‘g‘rimi?

Image copyright Joanna Lillis
Image caption Joanna Lillis Janao‘zen qurbonlari bilan yuzma-yuz uchrashgan ilk mustaqil jurnalist bo‘ldi

Lillis: Shahar ancha yomon holatda desam to‘g‘ri bo‘ladi, menimcha. Men qo‘zg‘olonlardan keyin borgandim, ko‘p binolar yanada abgor holda edi, yoki yonib ketgandi. Lekin, men avvallari ham bo‘lganman Janao‘zenda. Bu shahar ancha ko‘rimsiz, bu qozoq neftini qazib olish markazi deb hech kim aytmagan bo‘lardi. Bu shaharning neft sanoati butun qozoq iqtisodining motori desa bo‘ladi, lekin shaharga kirsangiz, yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir, binolar asosan sovet davridan qolgan va ta‘mirlanmagan binolar. Neft shirkatlari qurgan ijtimoiy markazlar ham bor, lekin umuman olganda, shahar vayrona holda, uning yashovchilari esa qozoq iqtisodiga shuncha hissa qo‘shayotgan bo‘lishsada yetarli tarzda rag‘batlantirilmayotganlaridan norozi.

Assalom alaykum, savolim - agar matbuotga bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa, qanday qilib sizdek chet ellik jurnalist ishlab yuribdi va Janao‘zenga qanday kirib kasalxoanadan xabar uzatdingiz? Rahmat. Nodira, Turkiya

Lillis: Men Janao‘zenda qonli voqealar sodir bo‘lishi bilanoq u yerga bordim. Matbuot nazorat qilinayotgandi, lekin biroz tartibsiz edi, rasmiylar hammaning harakatini nazorat qilishga ulgurmayotgandi. Kasalxonaga men hukumat tomonidan tayinlangan kishi bilan bordim, lekin kasalxonaga borganimda men kasalxona rasmiysiga topshirildim va bu rasmiy hamrohligida jarohat olgan odamlar bilan suhbatlashdim. Ko‘p bemorlar qo‘rqib, gapirishdan bosh tortishdi. Men bir palatadan ikkinchisiga o‘tib yurganimda, dahlizda politsiya xodimlarini ko‘rdim, ular bemorlarni zo‘ravonlikdagi rollari haqida so‘roq qilishayotgandi. Lekin, kasalxona xodimlari haqiqatni bilishimni istadilar va bemorlar bilan gaplasha olishimga sharoit yaratib berdilar.

Janao‘zenda 16 dekabrda yuz bergan otishmalar aks etgan dahshatli videoni internetda chop qilgan Saule540 haqida nima bilasiz? Uning taqdiri ne kechdi? Saida

Lillis: Afsuski, Saule540ning taqdiri haqida hech narsa bilmayman. U chop qilgan dahshatli video qozoq politsiyasi haqiqatdan ham qurolsiz namoyishchilarga qarata o‘q uzganlarini ilk marta isbotladi. Men Tvitterda Saule540 taqdiri haqida ma‘lumot yig‘ishga urindim, afsuski, hozircha hech qanday javob olmadim. Ma‘lumki, qozoq politsiyasi tergovning ilk kunlarida Saule540ni qidirayotganlarini bildirishdi. Bu esa ko‘p faollar va qozog‘istonliklar o‘rtasida "politsiya bu shaxsni jazolamoqchimi?" degan savollar va xavotirni uyg‘otdi. Lekin, politsiya ko‘proq dalolat uchun uni qidirayotganini aytdi. Ammo, Saule540ga nima bo‘lganini aniqlash juda muhim, va Janao‘zenga bo‘ladigan keyingi safarim chog‘ida buni aniqlashga urinib ko‘raman.

Image caption Qozoq politsiyasi qurolsiz odamlarga o‘q uzib, do‘pposlayotgani yozilgan video muallifi Saule540 qidiruvda.

Hurmatli Joanna Lillis, aytingchi, farovon Qozog‘iston davlatining tolerantlik borasidagi siyosatiga nima deya olasiz? Qo‘shni mamlakatlar bilan olib borilayotgan aloqalar ko‘lamida katta og‘achilikka intilish mayli sezilmayaptimi, sizning nazaringizda? Inson, London

Lillis: Katta og‘achilik haqida gapiradigan bo‘lsak, Qozog‘iston o‘tgan ko‘p yillar davomida o‘zini mintaqaviy lider sifatida taqdim qilishga urinib kelgani aniq. 20 yil davomida O‘zbekiston unga raqib bo‘lib keldi. Lekin, Qozog‘iston o‘ziga ko‘proq ishondi, energiya zahiralaridan tushgan pul uning qudratini yanada oshirgandek bo‘ldi. U hatto xalqaro sahnada ham qudratini namoyish qilishga urinib keldi. Lekin, uning mintaqaviy lider rolini, menimcha, boshqa davlatlar qabul qilmadi. Uning o‘z qo‘shnilariga bo‘lgan ta‘siri juda cheklangan ko‘rinadi. Ular Qozog‘iston emas, Rossiya qanday amal qilishi yo fikr yuritishidan xavotirda ko‘rinadilar. Shundoq ham bir yoqadan bosh chiqarib gapirilmaydigan Markaziy Osiyoda, Qozog‘istonning liderlik da‘vosi amalga oshmayapti. Qozog‘iston xalqaro sahnaga ko‘p intildi, 2010 yilda Ovro‘po Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qildi, lekin u balki o‘z qo‘shnilariga ko‘proq e‘tibor qaratishi kerakdir. Balki ikki tomonlama aloqalarini yaxshiroq rivojlantirishi kerakdir.