Robiya Muxtorova: "O‘g‘lim ekstremist tashkilot a‘zosi emas"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Amerikada islomiy ekstremist guruhga ko‘mak berishda gumonlanib qo‘lga olingan Jamshid Muxtorovning onasi Robiya Muxtorova Toshkentda huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘lga olinib keyinroq yana ozod etilgan.

Jizzaxdan Toshkentga safar qilgan Muxtorova xonim Amerika elchixonasiga kirib diplomatlar bilan o‘z farzandining taqdiri haqida suhbatlashish niyatida bo‘lgan.

Ammo Robiya Muxtorova militsiya xodimlari uni ko‘chada tutib olishgani va bir necha soat so‘roq qilishib, keyinroq Toshkentga qaytmaslik sharti bilan poytaxtdan chiqarib yuborilgani aytadi.

Robiya Muxtorovaning o‘g‘li Jamshid o‘tgan oy oxirlarida Chikagoning O'Hara xalqaro havo qo‘nolg‘asida Federal Qidiruv byurosi tomonidan qo‘lga olingandi.

Image caption "O‘g‘lim begunoh..."

Keyinroq Amerikaning Denver mahkamasi qarshisida hozir bo‘lgan va xalqaro terrorchi tashkilotga ko‘mak berishda ayblangan o‘zbekistonlik qochqin Jamshid Muxtorov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad etgan edi.

Jamshid Muxtorov 2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qochqin maqomini olgan va AQShning Kolorado Shtatiga joylashtirilgan edi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

AQSh Davlat Departamentining 2005 yilda O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid hisobotida ma‘lum qilinishicha, Jamshid Muxtorovning singlisi Dildoro Muxtorova qotillikda ayblanib, hibsga olingan.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar oilasi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Kolorado Shtatida 2005 yildan buyon 157 nafar O‘zbekiston fuqarosi boshpana olgan.

Robiya Muxtorova BBC bilan suhbatda o‘z o‘g‘lining mutlaqo aybsizligini urg‘ulaydi.

"O‘g‘lim hech qachon ekstremist guruhlarga a‘zo bo‘lmagan, ularga mablag‘ bermagan, chunki buning imkoni yo‘q. U o‘zi moliyaviy yordamga muhtoj", deydi Muxtorova xonim.