Suriya krizisi : Obama Homsga qilingan hujumlarni qoraladi

Image copyright Reuters
Image caption Amerika prezidenti Homsdagi hujumlarni shafqatsiz deb baholagan

Amerika prezidenti Barak Obama Suriya armiyasining Homs shahrini shafqatsiz o‘qqa tutayotganini "g‘azabga keltiruvchi, shafqatsiz qon to‘kish" deb baholagan.

Bir internet faolining aytishicha, payshanba kunining ng o‘zida Homsda 110 kishi o‘ldirilgan.

O‘tgan haftada yuzlab odamlar qurbon bo‘lgan.

Suriya davlat televideniyesiga ko‘ra, Aleppo shahrida sodir bo‘lgan ikki portlash natijasida kamida 25 kishi halok bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, Aleppoda joylashgan harbiy baza qurollangan jangarilarning maqsadi bo‘lgan.

Muxolif kuchlar esa bu portlash ortida hukumatning o‘zi turganini aytgan.

Ayni paytda, Olmoniya Arab Ligasi a‘zolarining missiyasini qaytarish imkonini quvvatlagan.

Xalqaro hamjamiyat Rossiya va Xitoyning o‘tgan haftada Suriya hukumatiga qaratilgan BMT rezolyutsiyasiga veto qo‘yishganidan keyin paydo bo‘lgan murakkab vaziyatni muhokama qilmoqda.

Yevropa ittifoqining xalqaro munosabatlar boshlig‘i Ketrin Eshton Rossiyani "joydagi haqiqiy vaziyatdan ko‘z yummaslik"ka chaqirgan.

Olmoniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervel BMT bilan hamkorlikda Arab Ligasi missiyasining tiklanishi "tinchlik va muvozanatni saqlashga xizmat qilishi"ni aytgan.

Janob Vestervel bu missiya "xalqaro hamjamiyat tomonidan Bashar al-Assad tuzumiga aniq ogohlantirish bo‘ladi", degan.

Oldinroq BMT bosh kotibi Pan Gu Min Arab Ligasi rahbari Nabi al-Arabiy u bilan suhbatda Arab Ligasi missiyasini tiklashda BMT dan ko‘mak so‘raganini aytgan.

Pan Gi Mun ham Homsdagi harbiy hujumlarni qattiq qoralagan.

Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha maslahatchi Jefri Feltman Marokko, Frantsiya va Bahraynda bo‘lib, a‘zo davlatlarning hamkorligini muhokama qilgan.

Image copyright AFP
Image caption Aleppo shahrida ham portlashlar sodir bo‘lgan

Suriyadagi uchinchi katta shahar Homs Bashar al-Assad tuzumiga qarshi 11 oydan buyon davom etayotgan isyonlarning markaziga aylangan.

Livandan turib xabar bergan BBC muxbiri Jim Mur Baba Amr tumanida qurollangan isyonkorlar bilan birga ko‘plab tinch fuqarolar ham borligini aytgan.

Hujumlar to‘xtab turgan qisqa fursatdan suriyaliklar donorlik qonini so‘rab murojaat qilmoqdalar, deb xabar beradi Assosheyted Press agentligi.

Kasalxonalar qurbonlar va yaradorlarga to‘lib ketgan.

Shimoliy Idlib, janubiy Dera viloyati va Zabadani shahrida ham isyonkorlar hujumga tutilgan.

Hukumatga qarshi kuchlarning xabariga ko‘ra, payshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab 134 kishi, jumladan Xomsda 110 kishi o‘ldirilgan.

Qurbonlar haqida aniq ma‘lumotni olish imkoni yo‘q.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg xalqaro hamjamiyatning maqsadi Suriya isyonkorlarini qurollantirish emas, balki qotil rejimni tugatishga qaratilganini aytgan.

Olmoniya to‘rt rossiyalik diplomatni Suriya muxolifati bilan maxfiy aloqada gumon qilib mamlakatdan chiqarib yuborgan.

Inson huquqlari faollari qo‘zg‘olon boshlangan o‘tgan yilning mart oyidan boshlab kamida 7000 ta kishi qurbon bo‘lganini xabar berishgan.

Bashar Assad hukumati esa kamida 2000 xavfsizlik kuchlari odamlari o‘ldirilganini aytgan.