Himoyachi: Ulug‘bek ayblovlarni tan oladi

Image caption Ulug‘bek Qodirov Prezident joniga qasd qilishda ayblanmoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tgan yil yozda hibsga olingan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Qodirov terrorchilikda ayblanmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obamani o‘ldirish tahdidi gumoni bilan Amerikada qo‘lga olingan Ulug‘bek Qodirovga rasman ayb qo‘yilgan.

Alabama shtati qoralovchisiga ko‘ra, Ulug‘bek Qodirov shu maqsadda qurol yarog‘ va portlovchi moddalarni qo‘lga kiritgan.

Ulug‘bekning himoyachisi Lans Belning aytishicha, bugun mahkama tinglovida hozir bo‘lishi kutilayotgan Ulug‘bek Qodirov o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni tan olishi kutilmoqda.

Mulozimlarga ko‘ra, Ulug‘bek Qodirov Amerikaga talaba vizasi bilan kirgan, ammo hech bir o‘quv yurtida ro‘yxatdan o‘tmagan.

Prokurorlarga ko‘ra, Qodirov o‘tgan yil iyul boshlarida Alabama shtatidagi motelda maxsus xizmat josusidan qurol sotib olayotgan payt hibsga olingan.

Agar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan qo‘yilayotgan ayblar isbotlansa, u 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ulug‘bek Qodirovdan keyin shu yil boshlarida boshqa bir o‘zbekistonlik Jamshid Muxtorov ham terrorchi guruhlarga ko‘mak berishda gumonlar bilan qo‘lga olingandi.

BBC bilan suhbatda Jamshidning onasi Robiya Muxtorova o‘z farzandining aybsiz ekanini ta‘kidlagandi.