Moskva: qotillikning katta qismi muhojirlar hisobiga to‘g‘ri keladi

Image copyright Reuters
Image caption Muhojirlar orasida jinoyatning rasmiy hisoboti geopolitik vaziyatga ham bog‘liq bo‘ladi

Moskvada o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilish o‘tgan yil hisobida 12 foizga oshgan.

Bu haqda Moskva Qidiruv qo‘mitasining bosh qidiruv boshqarmasi boshlig‘i Vadim Yakovenko hisobot bergan.

"2011 yilda yuz bergan har yettinchi qotillik va har uchinchi jinsiy zo‘rlash muhojirlar, asosan sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan odamlar tomonidan sodir qilingan. Umuman olganda mehmonlar eng og‘ir jinoyatlarni keltirib chiqargan" degan janob Yakovenko.

Rus millatchilari, jumladan noqonuniy muhojirlikka qarshi harakat a‘zolari jinoyatlarning katta qismini chetdan kelganlar sodir etgan, deb ta‘kidlashgan.

Lekin muhojirlar o‘rtasida jinoyatchilikning oshgani haqidagi xabarlar vaziyatni oydinlashtirmaydi.

Eng keskin fikrlar o‘tamilliy kayfiyatdagilar namoyishida yangrasa, rasmiy xabarlar ham unchalik aniq emas.

2009 yilda Moskva prokurori bo‘lgan Yuriy Semenga ko‘ra, muhojirlar poytaxtda har uchinchi qotillikni sodir etishadi.

Federal muhojirlik xizmatining boshlig‘i Konstantin Romodanovskiy esa, "Agar barmoq bilan hisoblaganda:100 ta jinoyatning faqat uch-to‘rttasini muhojirlar, 96-97 tasini rossiyaliklar sodir etishadi", deydi.

2011 yilda prokuror qilib tayinlangan Sergey Kudenev "Chet ellik fuqarolar Moskvada har beshinchi jinoyatni sodir etishadi. Har ikkinchi zo‘rlash, har uchinchi bezorilik, har beshinchi o‘g‘irlikni qilishadi", deb aytgan.

Image copyright Reuters
Image caption Vladimir Putin muhojirlarning notabiiy harakatlariga nisbatan keskin javob berishga chaqirgan

Muhojirlarning jinoyat sodir qilishi oshganligini ta‘kidlagan Qidiruv qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin hech qanday aniq raqamni ko‘rsatmaydi.

O‘z navbatida Federal muhojirlik xizmati boshlig‘i Konstantin Romadonovskiy muhojirlarning jinoyat qilishi oshganligi haqidagi gaplar "qip-qizil populizm" dan boshqa narsa emasligini bildirgan.

Muhojirlar orasida jinoyat sodir etilishining rasmiy hisoboti geopolitik vaziyatga qarab ham belgilanadi.

Jumladan, Moskva va Tbilisi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar paytida Rossiya huquqni himoya qilish xodimlari Gruziyadan kelgan muhojirlar orasida jinoyat qilish oshganini e‘lon qilishgan.

Tojikistonda rossiyalik uchuvchilar bilan bog‘liq mojaro paytida shu aniq bo‘ladiki, tojik muhojirlari Moskvada eng ko‘p jinoyatni sodir qilishadi.

Shu bilan birga Rossiyaga qo‘shni davlatlar o‘z fuqarolariga nisbatan Moskvada hujumlar bo‘layotganidan xavotir bildirishgan.

2010 yil oxirida Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlarida millatchilik ruhidagi harakatlar keng tarqalgan.

Saylovoldi jarayonida bir qancha Rossiya siyosatchilari o‘z saylovoldi dasturlariga ko‘proq millatchilik kayfiyatini singdirishga harakat qilishgan.

Xususan, "Yagona Rossiya" partiyasidan prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Vladimir Putin muhojirlarning "notabiiy, tarbiyasiz, agressiv harakatlariga" nisbatan keskin javob berishga chaqirgan.

Janob Putin shuningdek, muhojirlik talab va me‘yorlarini oshirish, unga amal qilmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qilgan.