Tojikiston: Muhojirlar yangi milliy harakat tuzishdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Yangi milliy harakat 2013 yil prezident saylovi o‘tkazishga chaqirmoqda

Muhojirotdagi bir qator tojikistonliklar maxsus web sahifa orqali yangi Tojikiston Milliy Harakati tashkilotiga asos solganliklarini e‘lon qilishgan.

Hali rahbariyati to‘la ochiqlanmagan bu tashkilot 2013 yilda Tojikistonda prezident saylovini o‘tkazish va prezidentlik muddatini joriy yetti yildan to‘rt yilga qadar ozaytirish uchun kurashishini ma‘lum etmoqda.

Shuningdek, viloyat va tuman hokimlari bevosita saylov yo‘li bilan tayinlanishlari lozim.

Veb sahifada aytilishicha, "Tojikistonning yangi rahbariyati 21–asrga munosib bo‘lmog‘i kerak."

Tojikiston Milliy Harakati kelasi uch oy ichida o‘z rahbariyati tarkibini ochiqlashini aytmoqda.

Yangi harakat nizomida Tojikistonning tashqi siyosatiga doir qarashlar ham aks etgan.

Tojikiston AQSh, Ovro‘po Ittifoqi, Yaponiya, Eron va Afg‘oniston bilan aloqalarini mustahkamlashi lozim, deyiladi harakatning veb sahifasida.

"Chillaki chillakini ko‘rib..."

G‘arblik sharhlovchilar esa Tojikistonni tobora qo‘shni O‘zbekistondan o‘rnak olib borayotganini aytishadi.

Muxolifatga faoliyat erkinligini chegaralash, matbuot ozodligini bo‘g‘ish va inson huquqlarini poymol qilish bo‘yicha Tojikistondagi vaziyat yon qo‘shnisiniki kabi abgor bo‘lmasa ham "ranglar uyg‘unlashib" bormoqda, deydi mustaqil nashrlarning jurnalistlaridan biri.

"Yangi tashkilotning talablarida hech bir yangilik yo‘q. Mamlakatdagi mavjud muxolifat guruhlari bularni anchadan beri talab qilib kelmoqda. Ammo hukumat va kuch tizimlarining muxolifat va mustaqil fikrlilarga munosabati keskinlashmoqda", deydi jurnalist.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining matbuot erkinligi bo‘linmasi rahbari Tojikistondagi so‘z erkinligi va jurnalistlarga tazyiqlardan xavotir bildirgan edi.

Mamlakatdagi qamoqxonalarda mahbuslarning qiynoqqa solish hollari haqida tez-tez xabarlar paydo bo‘lmoqda.

O‘tgan yil Tojikistondagi mahalliy va boshqa xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari mas‘ullarni asosiy e‘tiborlarini qiynoqlarga chek qo‘yish va qiynoq jabrdiydalari uchun adolatni qaror toptirishga qaratishga undagan edi.