OXHT Turkmaniston prezident sayloviga kuzatuvchilarini yubormaydi

Image caption OXHT Turkmanistonga kuzatuvchilar guruhini yuborishdan bosh tortdi

Turkmanistonda Yakshanba kuniga mo‘ljallangan prezident sayloviga Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti o‘z kuzatuvchilarini jo‘natmaydi.

Tashkilot Turkmanistondagi saylovni sharhlashdan ham bosh tortgan.

Aksariyat kuzatuvchilar bu saylov mamlakatdagi mavjud avtoritar tuzumni isloh qilishi va yo demokratik islohotlar o‘tishi ehtimolini rad etishadi.

Shaxsga sig‘inish bobida sobiq Sho‘ro hududida o‘ziga xos rekord o‘rnatgan Turkmanboshi Saparmurod Niyozov o‘limidan keyin 2007 yili qudratga kelgan Gurbanguli Berdimuhammedov rasman yana yetti nomzod bilan prezidentlik kursisi uchun kurashishi kerak bo‘ladi.

Ammo bu nomzodlarning hech biri Berdimuhammedov janoblari bilan bellasha oladigan muxolifat va yo haqiqatdan mustaqil nomzodlar emas.

Prezidentlik saylovida ishtirok etadigan yetti nomzodning bari Berdimuhammedov uchun ovoz berishlarini aytishgan. Izohga hojat yo‘q.

Turkmanistondagi inson huquqlari va siyosiy erkinliklar bilan bog‘liq vaziyat mintaqadagi eng abgorlaridan sanaladi.

Ammo Turkmaniston nafaqat o‘z qo‘shnilari, balki G‘arb davlatlarini ham tabiiy zahiralari bilan "rom" etib kelmoqda.

"Qirol o‘ldi - yashasin Qirol!.."

Image caption Shaxsga sig‘inish... davom etmoqdami?

Xalqaro jurnalistlar uchun deyarli yopiq bo‘lgan bu mamlakatda aslida nimalar kechayotgani haqida aniq ma‘lumot va xabarlar oz.

Bu holat Turkmaniston mustaqil bo‘lganidan beri o‘zgargani yo‘q.

Davlat ommaviy axborot vositalari esa o‘tmishda bo‘lgani kabi bugun faqat bir shaxs atrofida girdipalak.

"Aziz Prezident, albatta saylovda boshqa nomzodlar qatnashadi...ammo bizning o‘z prezidentimiz bor! Bizning prezidentdimiz quyoshdan mehr yog‘diradi, boshqa prezident bizga nima kerak?" – deydi turkmanistonliklardan biri davlat televizioni lavhasida.

Turkmanistonlik muhojir jurnalist Ak Velsaparga ko‘ra, 2007 yilda muxolifatda va xalqda nisbatan umid bor edi.

"Bugun Berdimuhammadov Turkmanistonda islohotlar o‘tkazishiga hech kimda umid yo‘q. Shaxsga sig‘inishga kelsak... u bu yo‘lda Turkmanboshini ortda qoldiradigan qadamlarni tashlab ulgurdi", deydi Ak Velsapar.

"Sizdan ugina, bizdan bugina"mi?

Image caption Inson huquqlari muhimmi va yo gaz?

Atigi besh milliondan sal ortiqroq aholisi bo‘lgan bu mamlakat aslida mintaqaning eng boy davlatiga aylanish imkoniyatiga ega, deydi turkmanistonlik jurnalist.

G‘arb davlatlari esa Turkmanistonda demokratik islohotlar o‘tkazilish talabini jiddiy va qat‘iy shaklda o‘rtaga otayotgani yo‘q.

Buning asosiy sababi Turkmanistonning yirik gaz zahiralari bilan bog‘liq, deydi kuzatuvchilar.

"Turkmaniston prezident sayloviga sakkiz nomzod ishtirok etayotgani G‘arb davlatlari ko‘zi uchun qilinmoqda", deydi Urush va Tinchlik masalalarini yoritish institutidan Jon Maklaud.

Uning aytishicha, G‘arbdagilar ham bu saylov g‘irt masxarabozlik deyishdan ko‘ra, "demokratik islohotlar o‘tkazish kerak, saylov erkin bo‘lishi lozim va bu yo‘lda ba‘zi qadamlar qo‘yilmoqda" qabilida chiqish qilib "qutilib" qo‘ya qolishadi.

Turkmaniston gazining asosiy xaridorlari sanalgan Rossiya va Xitoy esa prezidentlik saylovi va yo bu jarayonga doir vaziyatni mutlaqo tanqid qilmaydi.

Turkmaniston rahbarlari, xususan Yakshanba kuni kechadigan saylovda mutlaq g‘alabaga erishishi kutilayotgan Berdimuhammadov janoblari uchun esa bu - ayni muddao.