Afg‘onistonda harbiy tikuchar halokatga uchragan

Image copyright PA
Image caption Tolibon nomidan tikucharni urib tushirganlari da‘vo qilingan bayonot ham paydo bo‘lgan.

Afg‘onistondagi xalqaro kuchlarga ta‘minot bilan shug‘ullanadigan shirkat e‘lon qilishicha, Zabul viloyatida o‘zlariga tegishli bo‘lgan tikuchar halokatga uchragani oqibatida ekipajning 4 a‘zosi halok bo‘lgan.

Hodisa 12 fevral yakshanba kuni ro‘y bergan.

Tikuchar Supreme Group harbiy shartnomachi shirkatiga qarashli bo‘lgan.

"Xalqaro kuchlarga narsalarni olib borayotgan shartnomasi tikuchar yakshanba kuni ertalab Zabul viloyatining Shinkay tumanida halokatga uchragan", deb aytgan viloyat hokimi o‘rinbosari Muhammadjon Rasulyor.

Janob Rasulyor so‘zlariga ko‘ra, halokatga tikucharning texnik nosozligi sabab bo‘lishi mumkin.

Halokat yuz bergan payt hududda qiyin ob-havo sharoiti bo‘lgan.

Tikuchar xalqaro kuchlarga tegishli harbiy bazaga yaqin joyda qulagan.

Tikucharning Rossiyada ishlab chiqarilgan tikuchar bo‘lgani, Tojikiston fuqarolari bo‘lgan uchuvchilarning harbiy bo‘lmaganlari xabar qilingan.

Tikuchar bortida AQSh qo‘shinlariga mo‘ljallangan oziq-ovqat va ichimlik suvi ortilgani aytilgan.

Tolibon nomidan tikucharni urib tushirganlari da‘vo qilingan bayonot ham paydo bo‘lgan.

Tikuchar halokatini tasdiqlagan Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar voizi, hodisa yuz bergan joyda jangovor faollik kuzatilmagan, deb aytgan.