Sevara Nazarxon: "Uitnining o‘lganini eshitib juda hafa bo‘ldim"

Image caption Uitni Xyuston jahon bo‘ylab ko‘plab xonandalarni ilhomlantirgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon mashhur xonanda Uitni Xyustonning vafot etganidan taassuf izhor qilgan. "Hatto bir yig‘lab ham oldim, juda hafa bo‘ldim yangilikni eshitib", - dedi Sevara Nazarxon BBC bilan suhbatda.

Uitni Xyuston 11 fevral kuni Los Anjelesdagi mehmonxonada olamdan o‘tgan.

Tibbiy ekspertiza mutaxassislari xonandaning jasadi tekshirilgach, uning tanasida jarohatlar alomati yo‘qligini bildirishgan.

Ular toksikologiya sinovlari natijalari aniqlanmaguncha o‘lim sababi e‘lon qilinmasligini aytishdi.

Xyuston 1980 va 1990-yillarda dunyoga qator xitlari bilan tanilgan. Uni ayniqsa "I will always love you" (Men seni hamisha sevaman) qo‘shig‘i mashhur qilgandi.

Xyuston o‘z karerasining oxirgi yillarida giyohvand moddalarga ruju quygani va qo‘shiqchi Bobbi Braun bilan bo‘lgan qiyin turmushi o‘z ovoziga qattiq ta‘sir qilganini tan olgan.

"Go‘zal ayol va talantli inson"

Uning ovozi va kuylash uslubi jahon bo‘ylab ko‘plab xonandalarni ilhomlantirgan. Sevara Nazarxon, shu xonandalar qatorida, o‘zining ilk intervyularidan birida Uitni Xyustonni o‘z ijodidagi onasi deya tasvirlagandi.

"O‘n besh yil avval u meni ilhomlantirgandi. Men uning mahoratiga har doim qoyil qolganman. Oxirgi paytda ularni uncha eshitmasdim, lekin baribir ularga bo‘lgan hurmatim katta va cheksiz. U kishi o‘z ustida ishlaydigan inson, katta talantli ovoz edi. Bu kabi odamlarning doimiy fanati bo‘lish shart emas. Lekin, afsuski oxirgi paytda sal pozitsiyasini yo‘qotgandi, sog‘ligi yomonlashgandi", - deydi xonanda.

U Uitni Xyustonning olamdan o‘tishi san‘at uchun yirik yo‘qotish ekanini aytadi.

Image caption Sevara Nazarxon ijodkor o‘z shaxsiy muammolarini o‘zi hal qilishi kerakligiga ishonadi.

"Eh-he, Uitni Xyuston, bunday go‘zal ayol, va u juda talantli inson... bo‘lgan, afsuski olamdan o‘tdilar. Kecha eshitib juda hafa bo‘ldim. Bunday odamlar ketgandan keyin hamma afsuslanadi va o‘zingiz ham sezasiz qanday yo‘qotish bo‘lganini. Yaqin sezardim juda o‘zimni, to‘g‘risi. Bir do‘stimga kecha sms yozdim, eh qayerda Uitni, qayerda biz deb. Uni butun dunyo taniydi, hamma yig‘ladi", - deydi u.

Nazorat

Xyuston giyohvand moddalarga ruju qo‘yishi ortidan bir necha bor maxsus klinikalarda davolandi. Kayli Minog kabi yulduzlarni dunyoga tanitgan britaniyalik prodyuser Pit Votermanning aytishicha, u shunchalar qudratli yulduz ediki, uni hech kim nazorat qila olmasdi.

"Sizning maoshingizni birov to‘lab turgan bo‘lsa, ularga qarshi chiqasizmi? Yo‘q, albatta. Hech kim uni nazorat qila olmagan, unga qanday yo‘l tutishi kerakligini ayta olmagan. Atrofida shuncha katta ijodiy guruhi bo‘lsa ham, hech kim unga ta‘sir qila olmagan", - deydi Pit Voterman.

Sevara Nazarxon esa shaxsiy muammolarni yengib o‘tish ijodiy guruh emas, ijodkorning o‘ziga bog‘liq deydi.

"O‘ziga bog‘liq hamma narsa avvalambor. Xyuston ham inson-ku. O‘ziga o‘zi qarashi kerak avvalambor, sog‘ligigami, ijodigami. Oldidagi odamlar yordam bera olmaydi. Xyuston, masalan (marhum qo‘shiqchi) Emi Uaynxaus bilan solishtirganda, shunchalar yirik yulduz ediki, unga birovning yordami ta‘sir qilmasdi. Har bir inson o‘ziga qarashi kerak, yomon narsalarni o‘ziga yaqinlashtirmasligi kerak", - deydi Sevara Nazarxon.