Turkman saylov komissiyasi: Berdimuhamedov 97 foiz ovoz to‘plagan

Image copyright ap
Image caption Saylov oldidan ham ko‘pchilik Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning yana ikki ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmagandilar.

Turkmaniston Markaziy Saylov komissiyasi 12 fevral kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovi dastlabki natijalarini e‘lon qilgan.

Komissiyaga ko‘ra, joriy Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 97,14 foiz ovoz to‘plagan.

Markaziy Saylov komissiyasi raisi O‘rozmirat Niyazliyev e‘lon qilishicha, yakshanba kungi saylovda mamlakatda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 96,7 foizi ishtirok etganlar.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov bilan birga yana 7 nomzod ro‘yxatga olingan, janob Berdimuhamedov rahbarligida mamlakatda katta muvaffaqiyatlarga erishilganini aytgan bu nomzodlar ham Gurbanguli Berdimuhamedov uchun ovoz berishlarini e‘lon qilgan edilar.

Saylov komissiyasiga ko‘ra, boshqa nomzodlar 0,16 foizdan 1,7 foizgacha ovoz yiqqanlar

Tukrmaniston saylov qonunchiligiga binoan jami ovozlarning yarmidan ko‘pini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan nomzod g‘olib chiqqan deb hisoblanadi.

Saylov oldidan ham ko‘pchilik Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning yana ikki ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmagandilar.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Turkmanistondagi prezidentlik sayloviga o‘z kuzatuvchilarini yubormagan.

Tashkilot mamlakatda demokratik islohotlar o‘tkazilmaganini, fuqarolar huquq va erkinliklari ta‘minlanmaganini tanqid qilgan.

Image copyright AP
Image caption Ovoz berish jarayonlari arafasida nomzodlarning barchasi joriy prezidentni maqtashgan

Avvalroq davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan lavhada saylovchilardan biri "aziz Prezident, albatta saylovda boshqa nomzodlar qatnashadi...ammo bizning o‘z prezidentimiz bor! Bizning prezidentdimiz quyoshdan mehr yog‘diradi, boshqa prezident bizga nima kerak?"- deb aytgan.

Muhojirotda yashayotgan turkman adibi Ak Velsaparga ko‘ra, janob Berdimuhamedov hokimiyatga kelgan 2007 yilda xalqda nisbatan umid bor edi.

"Bugun Berdimuhamedov Turkmanistonda islohotlar o‘tkazishiga hech kimda umid yo‘q. Shaxsga sig‘inishga kelsak... u bu yo‘lda Turkmanboshini ortda qoldiradigan qadamlarni tashlab ulgurdi", - deydi Ak Velsapar.

Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatga kelgan ilk kunlardanoq mamlakatning marhum birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov shaxsiga sig‘inishga barham berish tomon ayrim qadamlarni qo‘ygan.

U shuningdek, ta‘lim va sog‘liq sohasida xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lgan cheklovlarni bekor qilgan.

Ammo kuzatuvchilar oxirgi yillarda janob Berdimuhamedov shaxsiga sig‘inish kuchayib borayotganiga e‘tibor qaratishadi.

Turkmanistonlik inson huquqlari faoli Tojigul Begmetova ayni holatni janob Berdimuhamedovning Prezident Niyozov boshqaruvi ostida voyaga yetgani va mansab pillapoyalaridan yuksalgani bilan izohlaydi.

"U paytlar vazirlarga safar qilish taqiqlangan edi va shu bois Berdimuhamedov boshqaruvning boshqa bironta ham ko‘rinishi bilan tanish emas. Shuning uchun ham u hozirda o‘z shaxsiga sig‘inishni yaratayapti",- deydi Tojigul Begmetova.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, bugungi saylovlardan maqsad gazga boy Turkmaniston xalqaro normalarni qaysidir shaklda bajarayotgani haqidagi tasavvurni yaratishdir.

Bu Turkmanistonning o‘z gazini chetga sotish yo‘llarini turfalashtirish uchun muhim, deyishadi tahlilchilar.