Oziq-ovqat narxlari o‘sishidan bolalar ko‘proq azob chekkan

Image copyright AP
Image caption To‘yib ovqat yemaslik va ochlikdan bolalar azoblanmoqda

Save the Children ( Bolalarni asrang) tashkilotiga ko‘ra, oziq-ovqat narxlari o‘tgan yil davomida rekord darajada qimmatlar ekan, rivojlanayotgan davlatlardagi millionlab ota-onalar o‘z farzandlariga kamroq ovqat berishga majbur bo‘lishgan.

Tashkilot Hindiston, Bangladesh, Pokiston, Peru va Nigeriyadagi oilalar bilan so‘rov o‘tkazib ana shunday xulosaga kelgan.

Har olti so‘ralganlardan bir oila boshlig‘i o‘z farzandlari maktabdan qolayotgani va ro‘zg‘or tebratish uchun ularga yordam berayotganini aytgan.

Narxlarning ko‘kka o‘rlagani bolalarni yana ham och qoldirgan, to‘yib ovqatlanmaslikni avj oldirgan va bu bilan bolalar o‘limini oldini olish yuzasidan erishilgan taraqqiyotga soya solishi mumkin deyiladi tashkilotning hisobotida.

Agar ayni muammoni hal qilish uchun chora-tadbir olinmasa, bu qariyb yarim milliard bolalarning kelasi o‘n besh yilda jismoniy va aqliy rivojlanishiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.

So‘rovnoma o‘tkazilgan besh davlatda xayriya tashkilotiga ko‘ra, dunyodagi eng kam ovqatlanadigan bolalar istiqomat qilishadi.

Kelajakka xavf

Image caption Har olti boladan biri ishlashga majbur...

Globescan tashkiloti o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bu davlatlarda qariyb chorak milliard ota-onalar bolalar ovqatiga ajratilgan mablag‘ni qisqartirishga majbur bo‘lishgan.

So‘ralganlarning uchdan bir qismi bolalarga beradigan yetarlicha oziq-ovqatlari yo‘qligini aytgan.

Har olti boladan biri oziq-ovqat sotib olish uchun ishlaydi.

"Dunyo bolalar o‘limini 12 milliondan 7.6 millionga qadar qisqartirib misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishgan edi. Agar biz bu taraqqiyotni xavf ostiga qo‘ymaslikni istasak, unda to‘yib ovqatlanmaslik muammosini hal qilishimiz kerak", deydi Save the Children tashkilotining rahbari Jastin Forsayt.

Tashkilot bolalarni ochlikdan qutqarish yo‘lida kurashga Buyuk Britaniya yalovbardorlik qilishi kerak deb hisoblaydi.

Shu yil Olimpiya o‘yinlari davomida dunyo rahbarlari Londonga yig‘ilar ekan, tashkilot imkoniyatdan foydalanib Ochlik Sammiti (Hunger Summit) uchrashuvlarini uyushtirish kerak deydi.

Buyuk Britaniyaning Xalqaro Taraqqiyot vaziri Andryu Mitchelga ko‘ra, xayriya tashkilotining ochlik va kam ovqatlanishga diqqat-e‘tiborni qaratayotgani tahsinga loyiqdir va "Britaniya boshqa davlatlarni o‘zining bu muammoni hal etish yo‘lidagi harakatlaridan o‘rnak olishga chaqiradi".

O‘tgan yilning birinchi yarmida oziq-ovqat narxlari ayrim davlatlardagi keskin ob-havo o‘zgarishi tufayli yuqorilab ketgan edi.