Prezident Karimov norinj inqilobidan buyon ilk bor Ukrainaga safar qiladi

Image caption Prezident Karimov Ukrainadagi norinj inqilobini qoralagan

O‘zbekiston rahbarining 2004 yildagi norinj inqilobidan buyon ilk marta Ukrainaga safar qilishi kutilmoqda.

Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Konstantin Grishenkoning Toshkentga tashrifi ortidan ma‘lum qilingan.

Ukrain vazirining matbuot kotibi Aleksandr Dikusarovning Kiyevda o‘tgan matbuot anjumanida bildirishicha, Toshkent va Kiyev qariyb 9 yillik tanaffusdan so‘ng oliy darajadagi siyosiy maslahatlashuvlarni qayta boshlashga kelishgan.

Matbuot kotibiga ko‘ra, janob Grishenko Toshkentda Prezident Karimov va boshqa hukumat mulozimlari bilan uchrashgan.

Tashrif kun tartibidagi asosiy masala energetika sohasidagi hamkorlik bo‘lgani aytiladi.

Gaz borasida Rossiyaga qaram bo‘lgan Ukraina sobiq Prezident Viktor Yushchenko davrida Markaziy Osiyoning gazga boy davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlagan edi.

Bunday muzokaralarning birinchisi Turkmaniston bilan bo‘lib o‘tgan.

Rossiya Ukrainaga sotadigan gazning asosiy qismini turkman gazi tashkil etishi aytiladi.

Ukrain tomonining aytishicha, Prezident Karimov 2012 yilda Kiyevga tashrif buyurish haqidagi taklifni qabul qilgan.

Tashrifning aniq sanasi e‘lon qilinmagan.

"Sinalgan hamkor"

Ukraina O‘zbekistonning muhim savdo sherigi hisoblanadi.

Ikki davlat 1994 yilda erkin savdo haqidagi shartnomani imzolagan, ammo 1996 yildan kuchga kirgan shartnoma 1998 yilga qadar amal qilgan, xolos.

Shundan so‘ng ikki tomon erkin savdo tartibini cheklab qo‘ygan.

Ikki davlat bosh vazirlari Shavkat Mirziyoyev va Viktor Yanukovich 2004 yil iyunida Toshkentda savdo cheklovlarini butunlay bekor qilish haqidagi hujjatni imzolashgan.

Ammo 2004 yil kuzida Ukrainada yuz bergan norinj inqilobidan so‘ng, siyosiy sohada bo‘lgani kabi iqtisodiy va savdo sohasidagi aloqalar ham sovuqlashib ketgan.

Rossiya Prezidenti Putinning ortidan Prezident Karimov ziddiyatli saylovlarda g‘alaba qozonganini da‘vo qilgan janob Yanukovichni tabriklagan.

O‘zbekiston rahbari Ukraina va avvalroq Gurjistonda yuz bergan rangli inqiloblarni qoralagan va ularning ortida g‘arb turganini iddao qilgan.

Viktor Yanukovichning Prezident etib saylanishi bilan Toshkent va Kiyev o‘rtasidagi aloqalar qaytadan jonlana boshlagani kuzatiladi.

Ukrain Tashqi ishlar vazirini qabul qilarkan, janob Karimov Ukraina "vaqt sinovidan o‘tgan hamkor" ekanini ta‘kidlagan.

Prezident Karimov Ukrainaga so‘nggi bor 2003 yilda, MDH rahbarlarining Yaltada o‘tgan norasmiy sammiti chog‘ida safar qilgan edi.