A.Navalny Putin va uning tarafdorlarini "intiho" yaqinligi bilan ogohlantirmoqda

Image caption "Rossiya Ovro‘poning bir qismidir..."

Moskvadagi norozilik namoyishlarining liderlaridan biri, korruptsiyaga qarshi kurashda faollishi bilan tanilgan Aleksey Navalny BBC bilan suhbatda Rossiyaning taraqqiyot yo‘li, "Rus marshi"ga da‘vatlari va hukumatda ishlashga tayyormi yo yo‘qligi haqida so‘zlagan.

Navalnyga ko‘ra, Rossiyada demokratik islohotlar amalga oshirilishi uchun hali ancha vaqt kerak bo‘lsa ham, Putin va uning tarafdorlari ko‘pi bilan yana faqat bir yarim yilcha qudratni tutib turishlari mumkin.

BBC: Mamlakatdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

Aleksey Navalny: Rossiyani normal demokratik davlatga aylanishi, ya‘ni hukumat adolatli, demokratik saylovlar bilan qudratga kelishi hali ancha vaqt talab qilishi mumkin. Bu qandaydir bir jarayon bilan bo‘ladi... Hozir biz aslida o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida o‘rtaga tashlangan talablar haqida gapirmoqdamiz.

Vladimir Putin albatta vaqtni cho‘zishga harakat qiladi.

Ammo uning tezlik bilan to‘kilib borayotgan obro‘si nazarda tutilsa, unda Putin va uning atrofidagilar hozirgi o‘zlari istagan tartibda qurilgan hukumatni yana bir yarim yilcha ushlab turishlari mumkin, bundan ortiq emas...

BBC: Siz o‘zingizni demokrat deb ataysizmi?

Aleksey Navalny: Albatta, men uchun Rossiya Ovro‘poning bir qismidir. Taraqqiyotning Ovro‘pocha yo‘li Rossiyaga ham mos keladi. Bu bizning tanlovimiz, rus xalqining tanlovi. Putin va uning tarafdorlari esa teskarisi qilib ko‘rsatishga urinmoqda, bu befoyda... Rossiya demokratik bir mamlakat bo‘lishi kerak.

Ammo muammo shundaki, biz demokratik qadriyatlarning alohida bir tanlangan "dastasi" bor va buni hamma qo‘llaydi. Lekin o‘zini demokratlar deb ataydigan bir guruh o‘rtaga chiqdimi, tamom, ularga "sizni bilamiz, sobiq kommunistlarsiz, to‘qsoninchi yillarda bizning boyligimizni demokratlarmiz deb o‘g‘irlagansizlar", deb ta‘nayu dashnom qiladi.

Biz esa demokratiyaning barcha qadriyatlarini targ‘ib qilmoqdamiz. Muxolifat harakatlarining o‘rta qatlami, shunga qaramay, hech qanaqa g‘oyaviy qolipu muhrlarga tobe bo‘lmasligi kerak.

Image copyright Reuters
Image caption Rossiya millatchilari yurishi

BBC: Rossiyada ko‘pincha, "mamlakatning o‘z yo‘li" haqida gapirishadi, ya‘ni g‘arbning demokratiyasi Rossiyaga to‘g‘ri kelmasligi haqida...Bu fikrga qo‘shilasizmi?

Aleksey Navalny: Mening nazarimda, bunaqa gaplar mamlakatimiz uchun haqoratdir...Kamsitishdir. Rossiyalik siyosatshunoslar va yo arboblar o‘zlaricha xalqning demokratiyaga tayyor emasligi haqida va‘z o‘qishgani mening g‘azabimni qo‘zg‘aydi.

Men Rossiya Ovro‘poning bir qismi ekaniga mutlaqo ishonaman. Albatta, Rossiya xuddi Buyuk Britaniya va yo Hollandiya kabi shaklu shamoyilga ega deyish ahmoqlik bo‘lur edi. Bunaqa emas va Rossiya tarixan anchayin an‘anador bir mamlakat. Shuning uchun ham bizda doim qandaydir "o‘zimizga xoslik" saqlanib qoladi. Ammo biz bunaqa "o‘ziga xoslikni" Britaniyada ham ko‘ramiz, ayniqsa uni boshqa Ovro‘po davlatlari bilan solishtirsak...

BBC: Siz o‘zingizga qanday ta‘rif berasiz? Siz siyosatchimisiz va yo korruptsiyaga qarshi kurash faoli?

Aleksey Navalny: Hozir odamlar meni siyosatchi deb atashmoqda... Ammo men asosan davlat nazorati ostida bo‘lgan shirkatlardagi korruptsiya masalalari bilan shug‘ullanaman. Bu meni qiziqtiradi.

Gap shundaki, Vladimir Putin yaratgan siyosiy tizimning asosi korruptsiyadadir. Shuning uchun ham korruptsiyaga qarshi kurashgan odam o‘z-o‘zidan siyosat bilan shug‘ullanadi.

Siyosiy fazo, muxolifatning siyosiy fazosi Kreml tomonidan mutlaqo vayron etildi. Muxolifatning bir qismi sotib olindi, qolganlari qo‘rqitildi...Shuning uchun ham qolgan muxolifat ko‘zga ko‘rinib qoldi, bu orada men ham borman...

BBC: Siz o‘zingizga hujum qilishlariga tayyormisiz?

Aleksey Navalny: Men vatanimizni g‘orat qilayotgan bu qalloblar yaxshi hayot kechirmasligi uchun harakat qilish bizning vazifamiz deb bilardim. Ular ham o‘z navbatida mening hayotimni og‘irlashtirmoqchi, bu tabiiy...shuning uchun ham menga nisbatan Kremlning zug‘umlaridan tushunib yetdimki, mening faoliyatim ularning hayotini yomonlashtirmoqda va harakatlarim zoye ketayotgani yo‘q.

BBC: Siz "Rus marshi"da qatnashganingizni ko‘plar yuzingizga solishadi va o‘zingizni "millatchi" deb atashingizni ham...Bu ayblovlarga munosabatingiz?

Aleksey Navalny: Bu yerda biz yana g‘oyaviy brendlar haqida gapirmoqdamiz...Har xil yorliqlar va hokazo. Millatchilik deyishingiz bilan odamlarda yomon taasurot paydo bo‘ladi.

Ammo haqiqat shuki, biz milliy kun tartibi haqida gapirganimizda, bor bo‘lgan muammolarni ochiqlaymiz.

Rossiya noqonuniy muhojirlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda, geroin iste‘moli bo‘yicha birinchi va bu geroinni shu nazorat qilinmaydigan muhojirlar oqimi keltirmoqda...Rossiya shimoliy Qovqozda ulkan muammolarga ega, bu mintaqa Rossiyaniki bo‘lmay qoldi, ochig‘i... Rossiya Ovro‘podagi eng bo‘lingan xalqdir.

Bular real muammolar va biz muammolarni muhokama etishimiz kerak. Men esa faqat millatchilar qatnashadigan, liberallar va demokratlar cheklab o‘tadigan namoyishlarda hozir bo‘lishim bilan shuni aytmoqchimanki, bu kabi muhim masalalarni biz faqat qandaydir bir guruh siyosatchilarning e‘tiboriga tashlab qo‘yishimiz kerak emas.

Ya‘ni, demokratik va liberal siyosatchilar yo bu masalalarni hal etish yo‘llarida bahsni boshlashadi va yo ayni masalalarga ta‘qiq qo‘yishadi, bu esa muammolar hali zo‘ravonlikka berilgan qatlamning ixtiyorida qoladi deganidir.