Afg‘oniston: Tolibon bilan muzokaralar boshlangan

Image copyright AFP
Image caption Janob Karzay "Pokiston hamma uchun, ham Tolibon, ham Amerika uchun yengillik bo‘lishiga ko‘maklashadi", deb aytgan.

Afg‘oniston prezidenti Homid Karzay Amerikaning "Wall Street Journal" ro‘znomasiga bergan intervyusida Amerika va Tolibonga bog‘liq tinch muzokaralar olib borishning uch yo‘nalishi haqida gapirgan.

Karzay janoblari bundan oldin bir necha bor toliblarni o‘z davrasiga tortishga harakat qilib ko‘rgan, ularni "birodarlarimiz", deb atagan edi.

Tolibon esa, prezident Karzay hukumatini "qo‘g‘irchoq" hisoblab,u bilan shu paytgacha muloqotlar olib borishdan bosh tortib kelishgan.

Janob Karzayning payshanba kuni bergan intervyusida aytishicha, Amerika hukumati va Tolibon, Afg‘oniston rasmiylari bilan Tolibon o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

Shuningdek, har uchala tomonning o‘zaro muloqotlari boshlangan.

Homid Karzay toliblar hatto Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistonda uzoqroq muddatga qolishlariga izn beradigan tinchlik shartnomasini qabul qilishlari mumkin, deb aytgan. Bu Afg‘oniston prezidentining muzokaralar ma‘lum natija berayotganini rasman tasdiqlagan birinchi chiqishidir.

Oldinroq afg‘on rasmiylari yuqori martabali Tolibon vakillari bilan Afg‘oniston ichkarisida va tashqarisida muloqotlar o‘tkazayotganlarini bildirishgan edi.

Afg‘oniston prezidenti ayni paytda Pokistonda uch kunlik uchrashuvlarda qatnashmoqda.

Rasmiy Kobulning umid qilishicha, Pokiston tomoni Tolibonning nufuzli a‘zolari bilan muloqotlar olib borilishiga imkon yaratadi.

Afg‘on rasmiylarining toliblar Pokiston ichkarisida joylashib, mamlakat xavfsizlik kuchlari nazoratida bo‘lib kelayotgani haqidagi da‘volarini Pokiston hukumati rad qilib keladi.

Janob Karzay "Pokiston hamma uchun, ham Tolibon, ham Amerika uchun yengillik bo‘lishiga ko‘maklashadi", deb aytgan.

Prezident Karzay Amerika qo‘shinlari 2014 yilda Afg‘onistonni to‘liq tark qilganlaridan so‘ng ham ikki mamlakatning uzoqqa mo‘ljallangan strategik aloqalari davom etadi, degan.

Amerika kuchlarining tungi maxsus reydlari va NATO kuchlari qo‘li ostida qolayotgan mahbuslar masalasi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.