Qirg‘iziston Prezidenti: "2010 yil zo‘ravonliklarida aybdorlar topiladi"

2010 yil iyun oyida qonli hodisalarga sahna bo‘lgan O‘sh shahriga safari mobaynida Qirg‘iziston Prezidenti shu yil oxriga qadar zo‘ravonliklarda aybdorlar topiladi, deb va‘da berdi.

"So‘nggi yarim asr davomida "O‘sh voqealari" deya nom olgan uchta fojia ruy berdi. Biz bu zo‘ravonliklarni tashkillashtirgan va uyushtirganlarni topib, javobgarlikga torta olmasak, kelajakda bu kabi voqealar takrorlanmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi", - deb aytdi Qirg‘iziston Prezidenti.

U shuningdek hodisalardan jabr chekkanlar uchun qurib bitirilgan ko‘p qavatli turar-joy binolaridagi kvartiralar kalitlarini tantanali ravishda topshirgan.

O‘sh va Jalol-Obod shaharlarini kayta tiklash buyicha davlat direktsiyasiga binoan, qurilgan uchta ko‘p qavatli uydan ikkitasidagi kvartiralar huquq-tartibot xodimlari bilan harbiylar oilalariga berilgan.

75 kvartiradan iborat uchinchi uygina iyun voqealarida jabrlangan oddiy aholi akillariga berilgan.

Prezident va‘dalari bajariladimi?

Qirg‘iziston Prezidenti O‘shga safari mobaynida shu yil oxiriga qadar etnik zo‘ravonliklarda aybdorlar topilishini va‘da bermoqda ekan, nimalarni nazarda tutmoqda va bu kabi va‘dani amalga oshirish ne qadar haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkin?

Qirg‘ig‘istonlik siyosatshunos va sobiq diplomat Mars Sariyevning BBC bilan suhbatda aytishicha, mamlakat janubidagi hodisalar umumiy manzarasining ko‘pgina tafsilotlari hanuz noaniq qolmoqda.

Mars Sariyev: Mening fikrimcha, hodisalarning to‘liq, ob‘ektiv manzarasi aniqlanmagunga qadar vaziyatning beqarorlashish ehtimoli, shuningdek aybdor, deya ko‘rilayotgan aholining muayyan guruhlari noroziligi kabi omillar saqlanib qolaveradi. Shuning uchun prezident Atamboyev hamma narsani oydinlashtirib, yakuniy xulosalar chiqarilishi va aslida kim aybdor ekanligini aniqlash kerakligini tushunib yetadi. Mening fikrimcha bu jarayon quyidagi yo‘nalishda ro‘y berishi mumkin: gap shundaki qon to‘kilishiga turtki berish uchun ig‘vo bo‘lgan, fikrimcha qandaydir uchinchi kuchning, balkim bu xorijiydir, balkim bu ichki jinoiydir, shunday kuchning mavjudligi dalili bo‘lgan qandaydir faktlar borga o‘xshaydi. Lekin o‘zbek va qirg‘iz jamolari o‘rtasida tanglik anchadan beri rivojlanib kelmoqda edi va bu tanglikka davlat va hukumat e‘tibor qaratmagandilar. O‘sh hodisalarida jinoiy unsurlar, ikkala tomondan ham millatchi guruhlar va tashqi kuchlar ishtiroki kabi omillar o‘rganib chiqilishi kerak.

BBC: Agarda siz aytgandek to‘liq manzara va ko‘p narsalar hali aniqlanmagan bo‘lsa, shu vaqtgacha bu hodisalarda aybdor ko‘rilib, ba‘zi hollarda umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishlarni qanday tushunish kerak?

Mars Sariyev: Bilasizmi, menimcha, bu shunday bir jumboqki, ba‘zi qismlari shu vaqtgacha yo‘q va umumiy manzara oydin emas. Bu hodisalarda o‘zbek jamoasi mojaroga majburlangandilar, ular birdaniga o‘zlarini urush holatida ko‘rdilar. Urush harakatlari markaziga tushib qoldilar. Urush holatida esa boshqacha harakat ham qilib bo‘lmaydi. Qirg‘iz tomonida ham jinoiy unsurlar ta‘siri katta edi. Ana shularning hammasi nazarda tutilib ikki tomondan ham ashaddiy millatchilar roli va uchinchi kuchlar roli aniqlanishi kerak. Ikki jamoa vakillari bu manzarada o‘yinchoq bo‘lib xizmat qilishdi menimcha.

BBC: Voqealardan shuncha vaqt o‘tib siz aytayotgan manzara aniqlanmagan bo‘lsa, bugun prezident Atambayev va‘da berayotgan narsaga erishish ne qadar haqiqatga yaqin, shunchaki quruq va‘da bo‘lib qolish xavfi bormi?

Mars Sariyev: Agarda buning imkoni bo‘lmagandi quruq va‘da berib o‘tirmasdi, menimcha. Qo‘lida qandaydir faktlar bordir. Chunki agarda ehtiyotsizlik bilan bunday izhorot va va‘dalar qilinsa yana bir mojaroga turtki berishi hech gap emas.

BBC: Bugun O‘shdagi marosimda qurib bitirilgan ko‘p qavatli uydagi kvartiralar kalitlari topshilibdi. Bu uylarning uchdan ikki qismi huquq tartibot organlari xodimlari va harbiylarga , uchdan biri hodisalardan aziyat chekkan aholi vakillariga berilibdi, bunday yondoshuvni qanday talqin qilgan bo‘lardingiz?

Mars Sariyev: Mening fikrimcha, bu kabi omillarni alohida o‘rganib chiqish kerak, bu kabi yondoshuvning o‘zining dinamikasi bo‘lsa kerak. Qirg‘iziston janubidagi vaziyatda huquq tartibot organlari xodimlari va harbiylar barqarorlikni ta‘minlashga qodir bo‘lishlari uchun yaxshi yashash sharoitlariga ega bo‘lishlari kerak. Hodisalardan aziyat chekkanlar manfaatlari bu yerda cheklangan, deb o‘ylamayman. Yana bir jihati ham bor, bilasizmi ko‘p qavatli uylarda kvartira olayotganlar orasida o‘zbek millatiga mansub oilalar kam. Ular asosan mahallalardagi o‘z xususiy uylarni qayta qurishga harakat qilmoqdalar. Shuning uchun bu kabi narsalarda o‘ziga xos tomonlari bor, deb o‘ylayman. Voqealarga tashqaridan emas, yaqinda va ichkaridan qaralsa mantiqiy dinamikasi tushunarli bo‘ladi menimcha.