Falastinlik bolalar avtohalokatga uchragan

Image copyright Reuters
Image caption Bolalar chiqqan avtobus istirohat bog‘iga borish uchun yo‘lga chiqqan bo‘lgan

Iordaniya dayosining g‘arbiy qirg‘og‘i Ramalla yaqinida maktab avtobusining yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketishi natijasida kamida 8 falastinlik bola halok bo‘lgan.

Politsiyaning xabariga ko‘ra, 10ta bola o‘lgan, 30 dan ortiq bola og‘ir tan jarohati bilan Falastin va Isroil shifoxonalariga yotqizilgan.

50 ga yaqin bola chiqqan avtobus, ularning orasida besh-olti yoshliklari ham bo‘lgan, Irusalim sharqidagi Anata qishlog‘idan Ramallaga qarab yo‘l olgan bo‘lgan.

Yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan avtobus ag‘darilgan va kuchli yong‘in boshlangan.

Rasmiylarning aytishicha, tashqi ta‘sirlardan gumon qilishga hech bir asos topilmagan.

Avtobus haydovchisi kelib chiqishi arab bo‘lgan Isroil fuqarosi ekanligi aytilgan.

Taxminlarga ko‘ra, sirpanchiq trassada haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

"Bu yo‘l juda qiya va kuchli yomg‘ir tufayli xavfli sirpanchiq paydo bo‘lgan. Avtobus yoki yuk mashinasi sirpanib, yo‘nalishini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin", - deb aytgan hodisa joyida bo‘lgan "tez yordam" shifokori Shalom Galil Reyter agentligi muxbiriga.

Uning aytishicha, falastinlik va isroillik shoshilinch xizmat xodimlari qo‘lni qo‘lga berib, yaradorlarga birgalikda yordam berganlar.

"U yerda falastinlik o‘t o‘chiruvchilar ham bor edi. Isroillik o‘t o‘chiruvchilar bilan to‘liq hamkorlikda harakat qilishdi", - degan Shalom Galil.

Har xil ma‘lumotlarga qaraganda, avtobusdagi 50dan 60tagacha bog‘cha yoshidan yuqori sinf bolalarigacha bo‘lgan guruh Ramalladagi istirohat bog‘iga borish uchun yo‘lga chiqishgan.

Shifokorlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning jasadi tanib bo‘lmaydigan darajada kuyib ketgan. Ularning yoshi 10-16 yosh orasida bo‘lganligi aytilgan.

Halok bo‘lganlarning soni ortishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Bir kun oldin yog‘ib o‘tgan kuchli jala trassadagi yo‘l harakatiga halokatli ta‘sir qilgan.

Avtobus haydovchisi ham jarohatlangan, lekin uning ahvoli haqida ma‘lumotlar yo‘q.

Bu fojea Falastinda keyingi yillarda ro‘y bergan eng yirik yo‘l hodisi sifatida qayd etilgan.

Falastin avtonomiyasining rahbari Mahmud Abbos mamlakatda uch kunlik motam e‘lon qilgan.