Nikolya Sarkozi prezidentlik sayloviga nomzodini ilgari surishini e‘lon qildi

Image copyright AFP
Image caption Nikolya Sarkozi o‘zini "dovul paytidagi kema kapitani" deb atagan.

Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkozi 22 aprelga mo‘ljallangan prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini ilgari surishi haqida rasman ilk marta e‘lon qilgan.

Janob Sarkozining ikkinchi marta Frantsiya prezidentligiga saylanish uchun nomzodini qo‘yishi oldindan ham ma‘lum edi, ammo Frantsiyaning TF1 telekanali bilan suhbatilda u birinchi marta o‘z niyati haqida e‘lon qilgan.

Frantsiyadagi prezidentlik sayloviga 10 haftadan kam vaqt qolgan, hozirga kelib o‘z qarori haqida e‘lon qilarkan, bu juda "jiddiy va puxta o‘ylab ko‘rilgan qaror" ekanini aytgan.

Prezident Nikolya Sarkozining aytishicha, u Frantsiyaga keyingi besh yil uchun zarur bo‘ladigan siyosiy dastur ishlab chiqqan.

"Men bunday qaror qabul qilganimning sababi, oxirgi uch yil mobaynida Frantsiya, Ovro‘po va butun dunyo qator og‘ir inqirozlarni boshidan kechirdi. Agar men prezidentlik uchun kurashdan bosh tortsam, bu bilan men Frantsiya xalqi oldidagi majburiyatlarimni rad etgan bo‘laman", deb aytgan janob Sarkozi.

Prezident Sarkozi o‘zining eng katta muvaffaqiyati sifatida Frantsiyani iqtisodiy inqirozdan qutqarish maqsadida yuritayotgan siyosatini tilga olgan.

Janob Sarkozi so‘zlariga ko‘ra, 2011 yilning to‘rtinchi choragida Frantsiya iqtisodida o‘sish kuzatilgan, bu o‘sish ko‘rsatkichi Ovro‘poning boshqa mamlakatlariga solishtirganda baland bo‘lgan. "Hali ham ko‘p odamlar ishsizlar, ammo bizning islohotlarimiz o‘z natijasini berishni boshlagan", degan Nikolya Sarkozi.

U o‘zini "dovul paytidagi kema kapitani" deb atagan.

Lekin Frantsiyada o‘tkazilib boradigan omma fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, janob Sarkozini qo‘llab-quvvatlaydiganlarning soni uning siyosiy raqiblarinikiga qaraganda pastdir.

Yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovida Nikolya Sarkozining asosiy raqibi deb Frantsiya Sotsialistlar partiyasi vakili Fransua Olland ko‘rilmoqda.

Jamoatchilik so‘rovlari asosida prezidentlik saylovida Fransua Olland Nikolya Sarkozi ustidan g‘alaba qozonishi bashorat qilinmoqda.

So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, ovoz berishning birinchi bosqichida Fransua Olland 28 foiz, Nikolya Sarkozi 24 foiz ovoz to‘playdi.

Saylovning ikkinchi doirasida joriy prezident 43, uning raqibi esa 57 foiz ovoz yig‘ishi bashorat qilinmoqda.