Liviyaliklar qo‘zg‘olonning bir yilligini bayram qilishmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Butun mamlakat bo‘ylab xursandchiliklar boshlanib ketgan

Liviya xalqi polkovnik Muammar Qaddofiy hukumatini ag‘darishga olib kelgan qo‘zg‘olonning bir yilligini nishonlamoqda.

Tantanalar Liviyaning hamma shaharlarida bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan.

Qo‘zg‘olon boshlangan mamlakat sharqidagi Beng‘ozida bir necha kundan buyon xursandchiliklar davom etmoqda.

Inqilobning bir yilligi arafasida Liviyadagi barqarorlik haqidagi xavotirlar bot-bot aytilmoqda.

Mamlakatda hamon nazoratda bo‘lmagan yuzlab jangari guruhlari mavjud.

Amaldagi hukumatning barqarorligiga shubha qilinmoqda.

Liviyaning o‘tish davri hukumati rahbari Mustafo Abdul Jalil juma kuni so‘zlagan nutqida mamlakat xavfsizligiga rahna solmoqchi bo‘lgan har bir kuchga munosib javob qaytarilishini aytgan.

O‘tgan yili 17 martda polkovnik Qaddofiyga qarshi Beng‘ozi shahrida boshlangan yirik qo‘zg‘olon butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketgan.

Hukumat kuchlari namoyishlarni shafqatsiz tarzda bostirishga urinishi ortidan NATO kuchlari mamlakatga kiritiladi.

Polkovnik Muammar Qaddofiy 20 oktyabr kuni ona shahri Sirtda qo‘zg‘olonchilar tomonidan o‘ldiriladi.

Minglab halok bo‘lganlarning xotirasi uchun juma kuni rasman bayram deb aytilmagan bo‘lsada, mamlakat bo‘ylab tantanalar boshlab yuborilgan.

Beng‘ozidan olingan xabarlarga ko‘ra, g‘alaba sharafiga mushaklar otilgan.

Yuzlab kishilar Ozodlik maydoni deb nom olgan xiyobonga yig‘ilib, Qaddofiyga qarshi shiorlar aytishgan.

Frans Press agentligi muxbiriga ko‘ra, bir shiorda "Kechir jingalasoch, shunaqa bo‘lib qoldi" degan gap bo‘lgan.

Juma kuni muvaqqat hukumat a‘zolarining Liviyada xotira tadbirida yig‘ilishi rejalashtirilgan.

Tripoli shahrida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Tripolida yashovchi Naima Misratining Frans press agentligi muxbiriga aytishicha, yo‘l politsiyasi xodimlari va sobiq qo‘zg‘olonchilar varaqalar tarqatishgan.

Unda huquqni buzadigan harakatlarning oqibati haqida ogohlantirilgan.Jumladan, "Biz marhum Qaddofiyni qayratolmaymiz.Lekin biz seni uning oldiga jo‘natishimiz mumkin" degan so‘zlar yozilgan bo‘lgan.

Naima Misrati o‘zining xursandchiligini tasvirlagan."Menda quvonchlarimni ta‘riflashga so‘z yo‘q. Butun Tripoli baxtga to‘la",-degan u.

Liviya rahbari Abdul Jalil o‘zining telemurojaatida , hukumat barcha liviyaliklarni qabul qiladi,ular inqilobga hissa qo‘shdilarmi buning yo‘qmi ahamiyati yo‘q, - deb aytgan." Lekin bu munosabat bizni mamlakat barqarorligini saqlashga kuchimiz yetmaydi degani emas",- deb ogohlantirgan u. " Biz kimki mamlakat barqarorligiga tahdid qilishga urinsa, javob qaytarishga kuchimiz yetadi",- deb e‘lon qilgan janob Abdul Jalil.

Biroq Tripolidagi BBC muxbiri Gabriel Geytxausning xabar berishicha, hukumat tomonidan sobiq qo‘zg‘olonchilarni yetarlicha nazorat qilinmayotganligi Liviyada davom etayotgan beqaror vaziyatning asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.