London murabbiylari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmaslikka chaqirishgan

Image caption London Metropolitan universiteti rahbarlari O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va xalqaro diplomatiya universiteti bilan hamkorlik dasturini himoya qilib chiqqan.

Londondagi nufuzli universitetlardan birining o‘qituvchilari universitet rabariyatini O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmaslikka chaqirishgan.

"Gardian" ro‘znomasida chop etilgan va besh nafar dotsent va professor tomonidan imzolangan maktubda O‘zbekiston bilan ta‘lim sohasidagi hamkorlik dasturi o‘zbek xalqi uchun ijtiomiy adolatni ta‘minlashga hissa qo‘shmasligi, aksincha repressiya va qiynoqlarga tayangan O‘zbekistondagi tuzumni oqlashga xizmat qilishi aytiladi.

London Metropolitan universiteti rektori o‘rinbosari Malkom Gilliyes Toshkentdagi Diplomatiya va Jahon iqtisodiyoti universiteti bilan hamkorlik dasturini himoya qilib chiqqan.

"Gardian" ro‘znomasida chop etilgan maktub mualliflari, o‘z ta‘birlaricha, Markaziy Osiyoning eng jirkanch diktatorliklaridan biri bilan hamkorlik qilish London Metropolitan universitetining o‘zi ishlab chiqqan axloq kodeksiga zid ekanini aytishgan.

Maktubga imzo chekkan universtitetning ruhshunoslik fani bo‘yicha dotsenti doktor Devid Xardmenning aytishicha, G‘arb O‘zbekistondagi tuzum bilan hech qachon hamkorlik qilishni istamagan, ammo bugun Afg‘onistonga tranzit yo‘llari tufayli Toshkent bilan ish qilishga majbur.

Janob Xardmen Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurreyning "Samarqanddagi qotillik" kitobi hamda Xalqaro Amnistiya tashkilotining hisobotlaridan iqtibos keltirgan.

Uning aytishicha, ushbu kitob va hisobotlarda O‘zbekistonda muxolifatning yo‘q qilingani, tuzumning tanqidchilari soxta ayblar bilan qamoqlarga tashlangani, qiynoqlarga solingani va o‘ldirilgani haqidagi shohidliklarni o‘qish mumkin.

Londonda chiqadigan "Izlington Tribyun" ro‘znomasi bilan suhbatda ayni maktubni sharhlarkan, doktor Xardmen, O‘zbekistondagi tuzum bilan hech qanday sharoitda hamkorlik qilmaslik kerakligini urg‘ulagan.

"O‘zbekistonda demokratiya yo‘q, muxolifat mavjud emas, odamlar hibsga olinadi va qiynoqqa solinadi. O‘zbekiston bilan muloqot yordam bermaydi, balki u yerdagi tuzumni oqlashga xizmat qiladi", deya janob Xardmendan iqtibos keltiradi "Izlington Tribyun" ro‘znomasi.

London Metropolitan universiteti dotsenti Britaniyada chiqadigan Sunday ro‘znomasidan iqtibos ham keltirgan.

Sunday O‘zbekistonni "Markaziy Osiyodagi eng jirkanch diktaturalardan bittasi" deb atagan.

Ma‘lum bo‘lishicha, London Metropolitan universiteti O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va xalqaro diplomatiya universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Universitet rahbariyati rejalanayotgan hamkorlik foydali bo‘lishini aytgan.

Rektor o‘rinbosari Malkom Gilliyensga ko‘ra, "yumshoq diplomatiya O‘zbekiston bilan muloqot yo‘llarini ochiq ushlab turish uchun muhim va kelajakda albatta samarasini beradi".