Filippinda qamoqxonaga hujum qilingan

Image caption Kotabatoda ko‘plab jinoiy guruhlar mavjudligi aytiladi.

Filippinda qamoqxonani ishg‘ol qilishga urinish paytida kamida uch kishi halok bo‘lgani aytilgan.

Mahalliy politsiyaning xabariga ko‘ra, yakshanba kuni kechasi 50 ga yaqin qurollangan kishilar mamlakat janubidagi Kidapavan-Siti shahrining Kotabato tumanida joylashgan qamoqxonaga hujum uyushtirganlar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, qurollangan to‘da "Moro Ozodlik Fronti" islomiy guruhiga aloqador bo‘lib, ular qamoqdagi rahbarlarini ozod qilmoqchi bo‘lganlar.

Biroq bu tashkilotning o‘zi bu hodisaga aloqasi borligini rad qilgan.

Qamoqxonaga hujum mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da boshlangan.

Hujumchilar turma darvozasiga granometdan o‘q otganlar.

Guvohlarning aytishicha, granatalar mo‘ljalga borib tegmagan.

Politsiya bunga javoban o‘t ochganida hujumchilar avtomatlardan o‘q uzib, qochganlar.

Kamida 15 odam yaralangan.

Halok bo‘lganlar orasida yaradorlarni qutqarishga uringan Qizil Xoch tashkilotining xodimi bo‘lgan.

BBC muxbiri Manila Keyt Mak-Gaunga ko‘ra, Kotabatoda kamida uchta isyonchilar va ko‘plab jinoiy guruhlar mavjud.

Lekin hali ularning birortasi bu hujum uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olmagan.