Vladimir Putin: Rossiyaga kuchliroq armiya kerak

Image copyright AFP
Image caption Vladimir Putin Rossiyada professional armiya bo‘lishi zarur deb hisoblaydi

Rossiya prezidenti sayloviga ikki haftadan kamroq vaqt qolar ekan bosh vazir Vladimir Putin mamlakat armiyasini zamonaviylashtirish g‘oyasi bilan chiqdi.

"Kuchli armiyasiz biz xavfsizlikka umid qila olmaymiz", deya ta‘kidlanadi Vladimir Putinning "Rossiyskaya Gazeta"da nashr etilgan maqolasida.

Aksariyat janob Putinning 4-mart kuni bo‘lib o‘tajak saylovda g‘alaba qozonishiga shubha qilmaydi.

Oxirgi oylarda uni dastaklagan va unga qarshi bo‘lganlarning namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Muxolifat namoyishchilarini tinchlantirish uchun Prezident Dmitriy Medvedev dushanba kuni muxolifat rahbarlari bilan uchrashdi.

Putin yetakchiligidagi "Yagona Rossiya" partiyasi dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘alaba qilganidan buyon Kremlda ilk bor hukumat va muxolifat rahbarlari muloqot o‘tkazishdi.

Saylovlarning hukumat tarafdorlari foydasiga soxtalashtirilganini da‘vo qilgan rus muxolifati qayta saylovlar o‘tkazishni talab qilib kelmoqda.

Kreml muxolifat liderlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida ma‘lumot bermagan esa-da, muxolifatchilar uchrashuvda siyosiy islohotlar va namoyishlar o‘tkazish talabi ilgari surilishini bildirganlar.

Yakshanba kuni yuzlab mototsiklchilar namoyish razmi bo‘lgan oq lentalar va sharlarni ko‘tarib, Kreml atrofida aylanganlar.

Shanba kuni esa janob Putin tarafdorlarining yurishi bo‘lib o‘tdi.

O‘z maqolasida prezidentlikka asosiy nomzod Rossiya 400ta qit‘alararo ballistik raketa, 600dan oshiq kallak, suv osti kemalari va raketalardan himoya tizimlarni barpo etish uchun kelgusi o‘n yil ichida 23 trillion rubl (772 milliard dollar) sarflashini ma‘lum qilgan.

Janob Putinning aytishicha, Rossiya o‘z strategik salohiyatidan hech qachon voz kechmasligi va 30-40 yilni oldindan ko‘ra bilishi zarur.

Moskva NATOning Ovro‘poda raketalardan himoya tizimini yaratish rejasiga yarasha javobni tayyorlaydi, deb aytgan Vladimir Putin.