Chisora va Hey bir umrga boksdan chetlatilishi mumkin

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Britaniya Boks Kengashi bosh kotibi Robert Smitning aytishicha, Derek Chisora va Devid Hey Myunxendagi mushtlashuvlari ortidan boksdan bir umrga chetlatilishlari mumkin.

"Bu ehtimoldan holi emas. Kengashning vakolatlari keng. Kengash jarima solishi mumkin, vaqtincha chetlatishi mumkin, yoki umuman litsenziyani bekor qilishi mumkin", - dedi janob Smit BBC bilan suhbatida.

Chisora eng og‘ir vazn toifasidagi chempion Vitaliy Klichkoga mag‘lub bo‘lishi ortidan Hey bilan to‘qnashgan.

Olmon politsiyasi Chisorani so‘roq qilib, ayblovsiz ozod qilgan va endilikda Heyni so‘roq qilish istagida ekanini bildirgan.

Shanba kuni matbuot anjumani ortidan yuz bergan mushtlashuv ortidan Chisora va uning murabbiysi Don Charlz hibsga olingandilar.

Olmon politsiyasi Heyni qidirmoqda, lekin Chisoraning targ‘ibotchisi Frank Uorren Hey Britaniyaga qaytganini aytdi.

Britaniya politsiyasi hozircha olmon politsiyasidan hech qanday so‘rovnoma olmagan.

Yoqalashuv Devid Hey Klichko bilan yuzma-yuz uchrashish uchun matbuot anjumaniga kelishi ortidan boshlangan. Hey Klichko o‘zaro bellashuvdan bosh tortmoqda deb ishonadi.

Lekin, bu Chisora va Hey orasida dahanaki jangni keltirib chiqargan. Chisora Heyni unga shisha bilan hujum qilishda ayblagan va to‘rt marta Heyni otib o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

"Agar men bilan ringga tushmasang, men seni jismonan yoqib yuboraman", - deb aytgan Chisora.