Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi bir necha qishloqni suv bosgan

Image caption Hammasiga qalin yoqqan qorlarning erishi sabab bo‘lgan

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi bir necha qishloqlarni suv bosgan.

Qor erishi natijasida kelgan suv soy yoqasida joylashgan bir necha qishloqdagi 100 dan oshiq uylarni yuvib ketgan.

Bir ayolning suv olib ketishi natijasida o‘lgani aytilmoqda, ammo rasmiy manbalardan ushbu halokatni tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi.

Odamlarning uysiz qolgani va vaqtinchalik yaqinlarining uyiga chiqib turgani aytilmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, qishloq markazida joylashgan kollejda hokimiyat tomonidan yordam shtabi tuzilgan va ayrim oilalar ushbu kollejga joylashtirilgan.

Talofat kattaligidan viloyatning boshqa tumanlarida jabr chekkanlarga yordam uchun issiq kiyim va ko‘rpa-to‘shak yig‘ish tashkillashtirilgan.

G‘allaorol tumanidagi Juma, Cho‘michli, Toshkamar, Jarbuloq, Turk va Karizquduq qishloqlarini bir necha kun davomida suv bosgan.

Qorning erishi natijasida ushbu qishloqlarni kesib o‘tgan chuqurligi 6,5 metrli, kengligi 10 metrdan ziyod soy to‘lib toshgan va 100 metrdan ziyod kenglikda oqqan.

Turk qishlog‘ida yashovchi Aminboy akaning uyini tungi soat 12:30 da suv bosgan.

Poydevorigacha suv kelgan va barcha ashyolar suv ostida qolgan.

Aminboy aka akasining uyini esa, suv butkul yuvib ketgan.

Aka-ukalar uydagi ashyolarni chiqarib qolishning uddasidan chiqqan.

"Soy to‘lganidan keyin uydagi ko‘chlarini tashqariga chiqardik. Ammo o‘zim chiqarishga ulgura olmadim. Kechki soat 6:30 da soy to‘ldi, 12:30 toshib ketdi. Uyimning poydevorigacha suv keldi. Akamniki va qo‘shnimnikini butunlay yuvib ketdi. Hech narsasi qolmadi. Oshxonayu molxonalari hammasini suv olib ketdi", - deydi Aminboy aka.

Qishloq axolisining aytishicha, Jarbuloq qishlog‘ida suv olib ketish natijasida bir ayol kishi halok bo‘lgan.

Juma qishloq markazidagi kollejda qutqaruv shtabi tuzilgani va jabr chekkanlar ushbu kollejga joylashtirilayotgani aytilmoqda.

Raddiya

G‘allaorol tuman hokimiyati tashkiliy ishlar bo‘limi xodimi Abduvali Ubaydullayev kollejda qutqaruv shtabi tuzilgani va tuman hokimi o‘rinbosari ayni damda o‘sha yerda bo‘lib turganini aytdi. Ammo jabr ko‘rganlar kollejga joylashtirilganini rad etdi.

Abduvali Ubaydullayev tuman hokimi o‘rinbosari Juma qishlog‘ida tashkil qilingan shtabda ekanligini va barcha ma‘lumotlarni o‘sha kishi berishi mumkinligi bildirdi. Ammo hokimiyatdan berilgan telefon raqamiga tushishning imkoni bo‘lmadi.

Turk qishlog‘idan Aminboy aka jabr ko‘rganlarga hokimiyat tomonidan biror yordam berilganini ko‘rmagan, ammo viloyat hokimiyati va Favqulodda holatlar vazirligidan mas‘ullar kelganiga guvoh bo‘lgan.

Uyi suv ostida qolganlar hozir yaqinlarinikiga chiqib turgani ma‘lum.

Suv toshqini boshlanishidan oldin hech qanday ogohlantirish bo‘lmagan. Ammo 2-3 kun suv toshqini davom etgandan so‘ng, boshqa qishloq vakillari ogohlantirilgan va ular kerakli ko‘chlarini yig‘ib, teparoqqa chiqib turgan.

Talofat miqyosi borasida biror rasmiy ma‘lumot yo‘q. Ammo guvohlar 150 dan ortiq uyning suv ostida qolganini aytishmoqda. Viloyatning boshqa tumanlarida ushbu qishloqlarda jabr ko‘rganlarga atab yordam yig‘ilayotgani talafot miqyosi haqida tasavvur berishi mumkin.

Jizzaxlik inson huquqlari himoyachisi Ma‘murjon Azimov Jizzax tumani hokimiyati ushbu yordamni yig‘ayotganiga guvoh bo‘lgan.

"Ikkita qopchiqda hokimiyat binosiga yuk olib ketishayotgan ekan. Qiziqib so‘rasam, tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarning oilalariga mahallalarda kiyim-kechak yig‘ilayapti deyishdi. Tumandagi har bir fuqarolar yig‘iniga kiyim-kechak yig‘ish bo‘yicha topshiriq berilgan ekan", - deydi Ma‘murjon Azimov.

O‘zbekiston tog‘li hududlarida bahor kelishi bilan suv toshish va sel kelish hollari tez-tez uchrab turadi.

Aholi soni o‘sib borayotgan O‘zbekistonning qishloq joylarida odamlar asosan dehqonchilik va chorvachilik asosida kun kechiradi.

Qishloq aholisi oilalarning ko‘payishi ortidan unumdor bo‘lgan sel yo‘llariga ham uy solishga majbur.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Ma‘murjon Azimov odamlarning unumdor yerdan foydalanish maqsadida suv yo‘liga uylar qurib olayotganini va mahalliy hokimiyat ushbu qurilishlarning oldini olishi kerakligini so‘zlaydi.

"Har bir tumanga topshiriq berilishi kerak. Tabiiy ofatdan zarar ko‘radigan holatda qurilgan uylarning birontasiga ruxsat berilmasligi lozim. Soyning pastki qismida uy qurilishiga ruxsat berilmasligi kerak", - deydi Ma‘murjon Azimov.

Ma‘murjon aka sel yo‘lida faqat dehqonchilik qilishga izn berib, aholini balandlikdan uy solishga rag‘batlantirish kerakligini ta‘kidlaydi.

Suv toshgan qishloqlarda kecha ham qor yoqqan. Tog‘ yuqorisida esa erimagan qorlarning ko‘pligi va suv toshishi xavfi saqlanib qolayotgani aytiladi.