Vladimir Farafonov: mening ustimdan mahkama 1 martga belgilangan

Image caption Vladimir Farafonov dastlabki tergovda Qirg‘iziston qonunlari buzilgan, deydi.

O‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidagi milliy nizo qo‘zg‘ash ayblovlarini rad etadigan qirg‘izistonlik rus jurnalisti Vladimir Farafonovning BBCga aytishicha, o‘ziga mahkama tingloviga tayyorlanishga yetarli muhlat bermaganlar.

"Jinoyat ishi tergovining 18 fevralda yakunlanganini o‘ziga ma‘lum qilgan mas‘ullar birinchi mahkama ishi 1 martga belgilanini aytdilar. Mening maqolalarim yuzasidan o‘tkazilgan ekspertizaga qarshi ekspertiza tashkil qilishga deyarli vaqt berilmadi", degan Vladimir Farafonov.

U Rossiya elchixonasiga murojaat qilib siyosiy boshpana so‘ragani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.

Bundan oldin Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Vladimir Farafonovni o‘z maqolalari bilan milliy nizo qo‘zg‘ashda ayblab, jinoyat ishini Bosh prokuraturaga uzatgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ayni paytda Vladimir Farafonov Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevga murojaat e‘lon qilgan.

O‘z murojaatida Farafonov yozishicha, mamlakatda agressiv qirg‘iz millatchiligi xavfi mavjudligi haqida o‘z maqolalarida yozgani uchun uning og‘zini yopmoqchi bo‘layaptilar.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, Vladimir Farafonovning maqolalari ekspertizadan o‘tkazish uchun Qirg‘iziston Fanlar Akademiyasiga taqdim etilgan, Internet foydalanuvchilari so‘roq qilingan.

Asosan "Russkoye yedinstvo" Internet portalida e‘lon qilingan Vladimir Farafanov maqolalarining 16 joyida Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining "ommaviy axborot vositalaridan foydalanib milliy, irqiy, diniy yoki mintaqalararo nizo keltirib chiqarish" bandiga mos tushadigan matnlar topilgani aytilgan.

Qirg‘iziston qonunchiligida ushbu band bo‘yicha 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Prezident Atamboyevga ochiq xat

Vladimir Farafonov Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari, Qirg‘iziston rus kazachestvosi tarixi va mamlakatdagi millatlararo nizolar mavzusida maqolalar yozgan.

Rus jurnalistining maqolalariga qirg‘iz tilidagi ommaviy axborot vositalari g‘azabnok munosabat bildirganlar.

Jurnalist maqolalaridagi qaysi jumlalar qirg‘iz huquq-tartibot organlari nazarida milliy nizoga qo‘zg‘agani ma‘lum emas.

Jurnalist o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etadi.

"Russkoye yedinstvo" Internet portali hatto juda sinchkovlik bilan tekshirilganda ham Farafonov maqolalarida milliy nizo qo‘zg‘ash mazmunini topib bo‘lmasligini aytib, hayronlik izhor qilgan.

Prezident Atamboyevning prezidentlik saylovi oldidan mamlakatda millatchilikka barham berish va‘dalarini eslatgan Vladimir Farafonov unga ochiq xat e‘lon qilgan.

U o‘z murojaatida Qirg‘izistonda qirg‘iz millatchiligi tahdidi kuchayib borayotgani, millatchi chiqishlar uchun hech kimga jazo ko‘rilmayotganligini, aksincha Farafonov mamlakatda "agressiv etnomillatchilik tahdidi haqida faol ogohlantirgani uchun" omma oldida jazolab qo‘yishga harakat bo‘layotganini yozgan.

Qirg‘izistondagi rusiyzabon jurnalistga jinoyat ishi ochilishi Prezident Atamboyevning millatlararo nizo qo‘zg‘ash ayblovi bilan bog‘liq yangi bayonoti haqida xabarlar tarqalgan paytga to‘g‘ri kelgan.

O‘sh shahriga safar qilib 2010 yil iyun oyidagi etnik zo‘ravonlik aybdorlari topiladi, deb aytgan janob Atamboyev qirg‘izistonlik dunyoga taniqli o‘zbek fazogiri Solijon Sharipovning ushbu zo‘ravonliklarga aloqasi borligi haqidagi da‘volar tekshirilishini aytgan.

Janob Atamboyev Solijon Sharipov, o‘z ta‘biricha, bo‘lginchi kuchlarni qo‘llab-quvvatlaganini iddao qilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanova parlamentdagi chiqishida Jaloloboddagi o‘zbek rahbarlaridan Qodirjon Botirovga tegishli mulkning bir qismi Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘zbek fazogir nomiga rasmiylashtirilganini aytgan.

Qodirjon Botirov BBC bilan suhbatda o‘zlariga tegishli mol-mulkning Solijon Sharipov nomiga rasmiylashtirilishida biror-bir qonunga zid amal yo‘qligini aytgan.

O‘ziga nisbatan ayblovdan hayronlik bildirgan Solijon Sharipov Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyevning 23 fevralda Moskvaga boshlanayotgan safari paytida ushbu savolga oydinlik kiritishga harakat qilishini aytgan.