"Qur‘on yo‘q qilingani" haqidagi xabar Bagrom qarshisida norozilik namoyishiga sabab bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Norozilik namoyishi ishtirokchilari Bagrom bazasi tashqarisida gulxan yoqqanlar.

Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlari qo‘mondoni xorijiy askarlar Bagrom harbiy bazasida "Qur‘onni adashib yo‘q qilganlari" haqidagi xabarlar ortidan rasman uzr so‘rab bayonot e‘lon qilgan.

O‘z bayonotida general Jon Allen hodisa yuzasidan to‘laqonli tekshiruv o‘tkazishga buyruq berganini aytgan.

"Biz ushbu amaldan xabardor bo‘lishimiz bilan bunga aralashdik va uni to‘xtatdik", deyiladi general Allen bayonotida.

Harbiy bazada Qur‘on yoqilgani haqida xabar tarqalgani ortidan Kobulga yaqin Bagrom harbiy bazasi tashqarisida ko‘p sondagi g‘azabnom olomon norozilik namoyishiga to‘plangan.

Politsiyaning BBCga aytishicha, to‘planganlarning soni 3000 tacha bo‘lgan va namoyishga kelgan oqsoqollar NATO rasmiylari bilan gaplashish uchun harbiy baza ichkarisiga taklif etilganlar.

To‘planganlar havo bazasi qarshisida gulxan yoqqanlar.

General Jon Allen bayonotida aytilishicha, Bagrom havo bazasida xorijiy askarlar "orasida Qur‘on ham bo‘lgan islomiy diniy adabiyotlarni adashib yo‘q qilgan" yoki qilmaganlari tekshiruv davomida o‘rganiladi.

"Asrab qolingan materiallar diniy rasmiylar ixtiyoriga talab qilingan shaklda topshiriladi", deyiladi NATO qo‘mondoni bayonotida.

"Biz hodisani har tomonlama tekshirmoqdamiz va bunday hodisalar yana sodir bo‘lmasligi uchun chora ko‘rmoqdamiz. Men sizni ishontirib aytamanki... men va‘da beramanki... bu narsa ataydan qilinmagan", degan general Allen.

NATO kuchlari qo‘mondoni ushbu hodisa yuzasidan Afg‘oniston prezidentidan, Afg‘oniston hukumatidan va "Afg‘onistonning bag‘rikeng xalqidan samimiy uzr" so‘ragan.

O‘tgan yili AQShda Qur‘on yoqilishi yuzasidan ko‘p sondagi afg‘onlar norozilik namoyishlari uyushtirganlar, mamlakat shimolida olomon bir kishini o‘ldirgan, 18 kishi yaralangan edi.