O‘zbekistonlik futbolchilar Iroqqa mag‘lub bo‘lishdi

Image copyright uff
Image caption O‘zbekiston safarda Iroq Olimpiya terma jamoasiga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.

2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga Osiyo qit‘asidan to‘rtta yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritish uchun kurash olib borayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Qatar poytaxti Dohada iroqlik raqiblariga qarshi maydonga tushdi.

Uchrashuvning 20-daqiqalarida Foziljon Musayev tomonidan kiritilgan to‘p o‘zbekistonlik futbolchilarni oldinga olib chiqdi.

Birinchi qism yakunida o‘zbekistonliklar darvozasiga belgilangan 11 metrlik jarima to‘pini muvaffaqiyatli ado etgan iroqlik futbolchilar o‘yinda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Uchrashuvning 87-daqiqasida Mustafo Ahmad tomonidan kiritilgan ikkinchi to‘p o‘yinda iroqliklarning g‘alabasini ta‘minladi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hal qiluvchi uchrashuvda iroqlik raqiblariga mag‘lub bo‘ldi.

Muhim uchrashuv

Bu – umumiy hisobda tomonlarning uchinchi tur saralash bosqich bellashuvlari doirasida o‘tkazayotgan beshinchi uchrashuvlari edi.

Xalqaro Futbol Uyushmasining o‘tgan yil xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib bergan qaroriga ko‘ra, Iroq Olimpiya terma jamoasi o‘zi mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan barcha uchrashuvlarni uchinchi davlatda o‘tkazadi.

Bo‘lajak o‘yinga hozirlik ko‘rish uchun bir haftaga yaqin Birlashgan Arab Amirliklarida hozirlik ko‘rgan o‘zbekistonlik futbolchilarning 18 fevral kuni Dohaga yetib borishlari xabar berilgandi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi o‘z tayyorgarliklari doirasida Dubayda filippinlik futbolchilar bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, ularni 3:0 hisobida mag‘lub etgandi.

16 fevral kuni Ummon olimpiyachilariga qarshi o‘yin esa, 0:0 durang hisobi bilan yakunlangandi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi uchinchi tur saralash bosqich bellashuvlarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvida iroqlik raqiblarini 2:0 hisobida mag‘lub etgan.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, Qatar poytaxti Dohada Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da boshlanuvchi o‘yinda O‘zbekiston olimpiyachilari yarim himoyachisi Jasur Hasanov ikkita sariq kartochka olgani bois, maydonga tusha olmaydi.

“O‘lim” guruhiga tushganiga qaramay, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi to‘rt uchrashuvdan 8 ochko to‘plab, o‘z guruhida peshqadamlik qilmoqda.

Ularning iroqlik raqiblari esa, bor-yo‘g‘i 1 ochko bilan "B" guruhida eng so‘nggi o‘rinni egallab turishibdi.

Uchinchi tur saralash bosqich uchrashuvlari yakuniy natijalariga muvofiq London Olimpiadasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kirituvchi to‘rtta terma jamoaning taqdiri aniq bo‘ladi.

Buning uchun o‘sha terma jamoalarning o‘z guruhlarida faqat birinchi o‘rinni egallashlari taqozo etiladi.

Futbol tahlilchilariga ko‘ra, o‘z tarixida ilk bor Olimpiada O‘yinlariga yo‘llanmani naqd qilishi uchun O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Iroqqa qarshi o‘yinda albatta g‘alaba qozonishi shart.

Men bugungi uchrashuv arafasida Qatar poytaxti Dohadan terma jamoa Bosh murabbiysi Vadim Abramov bilan bog‘lanib, so‘nggi hozirliklari bilan qiziqdim: