Rishod Sobirov: "Oltin medal quvonchini so‘zda ta‘riflash qiyin..."

Image copyright ujf
Image caption O‘zbekistonlik dongdor dzyudochi 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida faqat oltin medalga umid qilayotganini aytadi

Kuni-kecha Frantsiya poytaxti Parijda dunyoning manaman degan dzyudochilari orasida bo‘lib o‘tgan katta shlem musobaqasida 60 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda ketma-ket ikkinchi bor oltin medalini qo‘lga kiritgan Rishod Sobirov ushbu nufuzli turnirda g‘alaba qozonishiga ishonchi komil bo‘lganini aytadi.

Parijdagi g‘alabasi ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan intervьyusida o‘zbekistonlik dongdor dzyudochi Parijga faqat O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish maqsadidagina borganini ta‘kidlaydi.

"Shuncha davlatning ichidan O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, madhiyasi yangrasa, men bundan nihoyatda faxrlanaman. Oltin medal olgan paytda sportchining ko‘nglidan shunaqangi xursandchilik tuyg‘ulari o‘tadiki, uni so‘zda ta‘riflash qiyin".

O‘z vaznida ikki karra jahon chempioni, Olimpiada O‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov oliy unvonni qo‘lga kiritish uchun chexiya, shveytsariya, rossiya va janubiy koreyalik ikki raqibini mahv etdi.

Ikkinchi yildirki, jahonning birinchi raqamli dzyudochisi bo‘lgan Rishod so‘nggi raqibi, janubiy koreyalik Kim Von Jinni 11 soniyaning ichida mag‘lub etib, barchani birdek mum tishlatib qo‘ydi.

"Ha, men bellashuvda g‘alaba qozonib, oltin medali oldim. Men o‘z g‘alabamni O‘zbekistonga, yurtdoshlarimga, muxlislarimga taqdim etaman", deydi Rishod.

Olgan jarohatidan yaqindagina sog‘ayib, yana tatamiga qaytgan Rishod Sobirov o‘tgan oy Qozog‘istonning Olma-ota shahrida jahon masterlari orasida bo‘lib o‘tgan bellashuvda kumush medalini ham qo‘lga kiritgandi.

Faqat oltin medal

Image caption Rishod Sobirov 60 kilogramm vaznda jahondagi eng kuchli dzyudochi hisoblanadi

Xalqaro miqyosda bo‘lib o‘tayotgan ushbu turnirlarni 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga o‘ziga xos tayyorgarlik ekanini aytgan Rishod dunyoning eng yirik sport bellashuvida ham faqat oltin medalga da‘vogarlik qilishini ta‘kidlaydi.

"Albatta, bu – avvalo sport. Lekin London Olimpiadasida oltin medali olish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman", deydi Rishod Sobirov BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.

O‘zbekistonlik dongdor dzyudochi 2011 yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatidagi g‘alabasi ortidan London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.

O‘z vaznida g‘oliblikka da‘vogarlik qilishda eng asosiy raqiblari ukraina, yaponiya va shimoliy koreyalik dzyudochilar bo‘lishini chamalayotgan Rishod Sobirov o‘z maqsadiga erishish uchun O‘zbekistonda barcha imkoniyatlar muhayyo ekanini aytadi.

"Ustozlarim bilan birga ishlasam, hamisha ko‘nglim to‘q. Boshqa davlatlar bilan solishtirganda, sport jarayonidagi mashg‘ulotlar O‘zbekistonda kuchli. Mana shu ham menga qandaydir quvvat baxsh etadi".

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, o‘zbekistonlik dzyudochilar o‘z tarixlarida ilk bor bu yil katta shlem musobaqalarida ikkita oltin va ikkita bronza medali olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ushbu turnir nufuzi jihatdan faqat Jahon chempionati, Olimpiada O‘yinlari va "Masterlar bellashuvi"dan keyin turadi, xolos.

Umumajamoa hisobida esa, o‘zbekistonlik dzyudochilar to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lishdi.

Yuqori uchlikdagi o‘rinlar Yaponiya, turnir mezboni Frantsiya va Mo‘g‘ulistonga nasib etdi.

26 yoshli Rishod Sobirovning 11 yoshidan boshlab, dzyudo va kurash bilan shug‘ullanishni boshlagani aytiladi.