Eron xalqaro nazoratchilarni harbiy inshootiga qo‘ymagan

Image copyright Getty
Image caption Fevral oyi oxirigacha Xalqaro Atom energiyasi agentligining Eron borasida yangi hisobotini e‘lon etilishi kutilmoqda

Eron BMTning Xalqaro Atom energiyasi agentligi nazoratchilariga Tehron janubida joylashgan muhim harbiy inshooti Parchinni borib ko‘rishlariga izn bermagan.

Xalqaro agentlik vakillari ikki kunlik safar bilan Eronga oxirgi ikki oy mobaynida ikkinchi marta borishgan, ular yanvar oyidagi safarlaridan natija bo‘lmaganini ma‘lum qilishgan edi.

Agentlikdan bildirishlaricha, o‘z nazoratchilarining Parchin inshootini borib ko‘rishlari borasida Eron rasmiylari bilan olib borgan ikki kunlik muzokaralari samarasiz tugagan.

Xalqaro Atom energiyasi agentligi nazoratchilari hay‘atiga avvalgi marta bo‘lganidek agentlik rahbarining o‘rinbosari Herman Nakerts yetakchilik qilgan.

Xalqaro Atom agentligi nazoratchilari Eronning yadroviy dasturida harbiy yo‘nalish yo unsur bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish maqsadida mamlakatga safar qilmoqdalar.

"Afsuski Eron bizning Parchinni borib ko‘rish so‘rovimizni rad etdi", deb aytgan Xalqaro Atom energiyasi agentligi Bosh direktori Yukia Amano.

Parchin harbiy inshooti so‘nggi yillarda Eron yadroviy qurolni ishlab chiqarish bilan bog‘liq portlovchi moddalarni sinovdan o‘tkazgan inshoot deb ko‘riladi.

Eron o‘zining yadroviy dasturi tinch maqsadlarni ko‘zlaganini ta‘kidlab keladi, G‘arb mamlakatlari esa Eron yadroviy qurol yaratish ustida ish olib bormoqda, degan xavotirda.

O‘tgan yili noyabrida Xalqaro Atom energiyasi agentligi Eron "yadroviy qurol ustida ish olib borayotgan bo‘lishi mumkinligi" haqidagi hisobotini e‘lon qilgan, ushbu hisobot AQSh va Ovro‘po Ittifoqining Eronga nisbatan yangi iqtisodiy jazo choralari ko‘rishiga olib kelgan edi.

Ovro‘po Ittifoqi Ovro‘po shirkatlarining Eron neftini sotib olishlarini taqiqlagan, shu paytgacha imzolangan bitimlarning 2012 yil 1 iyuligacha amal qilishi uchun muhlat bergan edi.

Biroq bir necha kun oldin Eron Britaniya va Frantsiya shirkatlariga neft yetkazib berish to‘xtatilganini e‘lon qilgan, endi o‘z neftini “yangi mijozlarga sotishi" haqida ma‘lum etdi.

Fevral oyi oxirigacha Xalqaro Atom energiyasi agentligining Eron borasida yangi hisobotini e‘lon etilishi kutilmoqda.

Ayni paytda Isroil Eronga harbiy hujum qilishi mumkinligi borasidagi xavotirlar ham ortgan.

Ayni manzarada Yaqin Sharqdagi vaziyat taranglashgani kuzatilmoqda.