Suriyada ikki chet ellik jurnalist o‘ldirilgan

Image copyright Getty
Image caption Meri Kolvin jahonning qaynoq nuqtalaridan tayyorlagan reportajlari bilan mashhur bo‘lgan

Suriyalik faollar xabar qilishlaricha, mamlakat markazida joylashgan Homs shahrida Suriya hukumat kuchlarining bombardimoni oqibatida ikki xorijlik jurnalistlar halok bo‘lgan.

Shohidlarning aytishicha, Homsning Baba Amr deb ataladigan mavzesida tashkil qilingan vaqtinchalik matbuot markaziga bir necha raketa kelib tushgan.

Guvohlar jurnalistlar raketa hujumi boshlangan paytda bino ichkarisidan hovliga qochib chiqayotganlarida halok bo‘ldilar, deb xabar berishgan.

Matbuot markazida bo‘lgan yana kamida uch insonning halok bo‘lgani xabar qilingan.

Halok bo‘lgan jurnalistlardan biri amerikalik Meri Kolvin Britaniyaning Sunday Times ro‘znomasi muxbiri bo‘lgan.

Remi Ochlik frantsiyalik fotojurnalist bo‘lgan.

11 yanvar kuni Homsda Frantsiya televideniyesining jurnalisti Jil Jakuyer o‘ldirilgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, seshanba kuni Homs shahrida kamida 40 inson halok bo‘lgan.

Ularning orasida Homsdagi vaziyat borasida Internetda to‘g‘ridan-to‘g‘ri videoefir tashkil qilgan Rami al-Sayyid ismli kishi ham bo‘lgan.

Rami al-Sayyid Baba Amrdagi hujumlarda qattiq yaralangan, shifoxona olamdan o‘tgan.

Qizil Xoch tashkiloti urushayotgan taraflarga murojaat qilib, o‘t ochishni to‘xtatish, bu paytda o‘zlariga odamlar uchun oziq-ovqat yetkazish, tinch fuqroalarni janglar borayotgan hududdan olib chiqib ketishga imkoniyat berilishini so‘ragan.

Biroq tomonlar ushbu murojaatga javob bermaganlar.

Suriya faollarining aytishicha, mamlakatning boshqa hududlarida ham insonlar halok bo‘lgan.

Shimoliy Idlib viloyatining o‘zida seshanba kuni 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Prezident Bashar al-Assad tarafdorlari isyonchilar nazoratida bo‘lgan notinch Homs shahrida hujumlarni kuchaytirganlar.

Internetda qator yangi video lavhalar paydo bo‘lgan.

Hukumat matbuoti xabar berishicha, xavfsizlik kuchlari "qurollangan terrorchi guruhlar"ni nishonga olishgan va bir qanchasi o‘ldirilgan.

Idlibdan olingan yana bir videolavhada qariiy 500 Suriya askarlari o‘zlarining isyonchilarga qo‘shilganlarini e‘lon qilishgan.