Afg‘oniston: Qur‘onning yoqilishiga qarshi yangi namoyishlar

Image copyright BBC World Service
Image caption Yoqilgan Qur‘oni Karim nusxasini Bagrom bazasining mahalliy xodimlari topganlar.

Afg‘onistonda Amerika bazasida Qur‘oni Karimning yoqilishiga e‘tirozan o‘tkazilgan namoyishlarda kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan va 20 nafar inson yaralangan.

Bir inson Kobulda , yana biri - Afg‘oniston sharqidagi Jalolobod shahrida, ikki inson - Parvon viloyatida o‘ldirilgan.

Seshanba kuni Amerika hukumati vakillari Kobul yaqinidagi Bagrom havo bazasida Qur‘on nusxalari "tasodifan" yo‘q etilgani uchun kechirim so‘rashgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, amerikalik harbiylar tutqun toliblarning Qur‘ondan o‘zaro axborot almashish uchun foydalanganliklarini taxmin qilishgan.

Qur‘onning yoqilgan sahifalari Bagrom bazasidagi mahalliy xodimlar tomonidan topilgan.

Kechirim so‘rashdan foyda yo‘q

Kobuldagi namoyishchilar "Amerikaga o‘lim!" deya qichqirganlar va Amerikaning shahardagi eng yirik harbiy bazasini toshbo‘ron qilganlar.

Politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun suv purkagichlardan foydalangan.

Namoyishchilarning bir qismi mamlakatdagi eng asosiy tijorat yo‘llaridan biri - Kobul-Jalolobod shohyo‘lini berkitib qo‘yganlar.

Guvohlarning aytishicha, harbiy baza qo‘riqchilari osmonga qarata o‘t ochganlar.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, darg‘azab namoyishchilar Tolibonni qo‘llab-quvvatlovchi shiorlarni aytib hayqirganlar.

Poytaxtda e‘tiroz namoyishini o‘tkazganlardan biri o‘ldirilgan va yana o‘n nafar inson yarador etilgan.

Kobul shimolidagi Parvon viloyatida esa ikki inson halok bo‘lgan.

Jalolobodlik shifokorning BBCga aytishicha, shaharda bir inson o‘ldirilgan va yana 10 kishi jarohat olgan.

Namoyishchilar Barak Obama tasqarasini yoqib yuborganlar. Bir necha yoqilg‘i tashuvchi mashinaga o‘t qo‘yilgan.

Kobuldagi AQSh elchixonasi berkitilgan va elchixona xodimlariga shaharda yurish taqiqlangan.

"Barcha darg‘azab, - dedi Kobul yashovchisi Nasir Malikzay. - Men vaziyatni muhokama qilish uchun Facebook-da maxsus sahifa ochdim. Amerikaliklarning kechirim so‘rashidan foyda yo‘q".